Prezident sanoatni rivojlantirish bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi

Jamiyat

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida bugun, 17 sentyabr kuni sanoatni jadal rivojlantirish, mahalliylashtirish darajasini oshirish va ko‘lamini kengaytirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. 

Mamlakatda faol investitsiya siyosati yuritilayotgani, tashqi savdo va valyuta operatsiyalari erkinlashtirilgani natijasida sog‘lom raqobat muhiti, haqiqiy bozor iqtisodiyoti shakllanmoqda. 

Yig‘ilishda O‘zbekiston sanoatini zamon talablari asosida rivojlantirish, mahsulotlar raqobatbardoshligini oshirish va turini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

“Eksportbop va import o‘rnini bosadigan mahsulotlar ishlab chiqarish, yuqori qo‘shilgan qiymat yaratishga yo‘naltirilgan sanoat siyosatini yuritishimiz zarur. Mavjud xomashyo va imkoniyatlardan samarali foydalangan holda, mahalliylashtirish darajasini chuqurlashtirish va ko‘lamini keskin kengaytirish ushbu sanoat siyosatining negizi bo‘lishi kerak”, dedi davlat rahbari. 

Prezidentning joriy yil 24 avgustdagi qarorida ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va sanoat tarmoqlarida kooperatsiya aloqalarini jadallashtirishning yangi tizimini joriy etish belgilangan edi. Yig‘ilishda ushbu tizimning samarali ishlashini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha topshiriqlar berildi. Mahalliylashtirishni kengaytirishga qaratilgan eng muhim yo‘nalishlar ko‘rsatib o‘tildi. 

Tarmoqlar va yirik korxonalarda ishlab chiqarishni mahalliylashtirish hamda sanoat kooperatsiyasini kengaytirish masalasi muhokama qilinar ekan, joriy yilning o‘tgan davrida yangi loyihalar doirasida bor-yo‘g‘i 1 milliard dollarlik mahalliylashtirilgan mahsulot ishlab chiqarilgani qoniqarsiz deb baholandi. Bu boradagi ishlar sust tashkil etilgan “O‘zmaxsusmontajqurilish” aksiyadorlik kompaniyasi, “O‘zyog‘moysanoat” uyushmasi, “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati kabi korxonalar faoliyati tanqid qilindi. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 1 maydagi “Sanoat kooperatsiyasini yanada rivojlantirish va talab yuqori bo‘lgan mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan tayyor mahsulotlar, butlovchi buyumlar, xomashyo va materiallarning yangi turlarini o‘zlashtirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar tahlil qilindi.   

Vazirlar Mahkamasi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligiga sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish bo‘yicha amaliy choralar ko‘rish, elektron kooperatsiya portalini tezroq ishga tushirib, sanoat mahsulotlari yetkazib berish shartnomalarini elektron tuzish ko‘lamini kengaytirish vazifasi qo‘yildi. 

Hududlarda ishlab chiqarishni mahalliylashtirishni keskin kengaytirish va chuqurlashtirish masalalari atroflicha muhokama etildi. 

Joriy yilda hududiy import o‘sishi tarmoqlardagiga nisbatan 2 barobar yuqori bo‘lishi kuzatilmoqda. Bu hududlarda ishlab chiqarishni keskin ko‘paytirish uchun katta ehtiyoj borligini yaqqol ko‘rsatadi.

Masalan, yaqinda soha vakillaridan iborat ishchi guruhlar to‘rtta shaharga borib, Angrenda 38 ta, Navoiyda 13 ta, Namanganda 29 ta va Chirchiqda 18 ta yangi mahalliylashtirish loyihalarini shakllantirdi.

Shu tartibda har bir hudud bo‘yicha mahalliylashtirish dasturlarini ishlab chiqish zarurligi ta’kidlandi. 

Tayyor yer maydonlari, binolar va infratuzilmaga ega bo‘lgan kichik sanoat zonalari bu borada katta imkoniyat yaratadi. Lekin mamlakatdagi 156 ta ana shunday zonadagi loyihalarning atigi 13 foizi mahalliylashtirilgan mahsulot ishlab chiqarishga qaratilgan. 80 ta shahar va tumanda birorta ham mazkur turdagi hudud tashkil qilinmagan. 

Mutasaddilarga barcha kichik sanoat zonalarida import o‘rnini bosuvchi mahsulot ishlab chiqarish loyihalarini ko‘paytirish, o‘sha 80 ta shahar va tumanda shunday zonalar tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. 

Import qilinayotgan texnologik uskunalardan samarali foydalanish zarurligi ta’kidlandi. Chunki joylarda chetdan valyutaga olib kelingan texnologiyalar ishlatilmay turgan ko‘plab holatlar aniqlangan. Bunga yer ajratish, qurilishga ruxsat berish, kommunikatsiya tarmoqlariga ulash kabi masalalar to‘siq bo‘lgan.

Davlat rahbari uskunalar xarid qilgan tadbirkorlar muammolarini tezda hal etish, rejalashtirilgan korxonalarning ishlab ketishiga ko‘maklashish bo‘yicha qat’iy topshiriqlar berdi. Biznes-ombudsmanga import qilingan texnologik jihozlarni ishga tushirishgacha bo‘lgan barcha jarayonni tuman, shahar, viloyat va respublika darajasida muvofiqlashtirish tavsiya etildi.

Ishlab chiqarishni mahalliylashtirishda yetakchi bo‘lgan yirik loyihalarni o‘z muddatida amalga oshirish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. 

Jumladan, “Navoiyazot” negizida 100 ming tonna polivinilxlorid, Toshkent metallurgiya zavodida 500 ming tonna metall prokati, Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasida 744 ming tonna dizel yoqilg‘isi, Toshkent mexanika zavodida maishiy texnika ishlab chiqarish klasteri, “Kvars”, “Sirdaryo Glass” va “Zarafshon oyna” korxonalarida oyna ishlab chiqarish loyihalari yiliga 2,5 milliard dollar miqdorida mahalliylashgan mahsulot ishlab chiqarish imkonini beradi. Bundan tashqari, ularning atrofida boshqa kichik ishlab chiqarishlar ham rivojlanadi va yangi ish o‘rinlari yaratiladi.

Bosh vazir va Hisob palatasi rahbariga ushbu yirik loyihalarni o‘z vaqtida ishga tushirishni ta’minlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Mahalliylashtirishni qo‘llab-quvvatlash masalasi ko‘rib chiqilar ekan, bunday loyihalarni amalga oshirishda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi tomonidan kafillik berish va kredit foiz stavkasini qisman qoplash tizimidan samarali foydalanish kerakligi ta’kidlandi.

Shuningdek, bojxona to‘lovlarini 120 kungacha uzaytirib to‘lash, ishlab chiqarishni mahalliylashtirgan korxonalarning tayyor mahsulotlarini sertifikatlash va standartlashtirish masalalarida ko‘maklashish mumkinligi qayd etildi.  

Davlat xaridlarida mahalliy korxonalar ishtirokini kengaytirish va rag‘batlantirish, tashqi savdoni tarif usuli bilan boshqarish samaradorligini oshirish bo‘yicha ham ustuvor vazifalar belgilandi. 

Videoselektorda muhokama qilingan masalalar yuzasidan tarmoqlar va hududlar rahbarlarining hisobotlari eshitildi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev

Baholaganlar

21

Reyting

2.7

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing