Prezident Samarqanddagi Biokimyo institutini borib ko‘rdi

Jamiyat

image

Bugun, 24 avgust kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Samarqand davlat universitetining Biokimyo instituti faoliyati bilan tanishdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Aytilishicha, mazkur universitetda hozirda 25 mingdan ortiq talaba ta’lim oladi. Bu yerda to‘rtta – Agrobiotexnologiyalar va oziq-ovqat xavfsizligi instituti, Muhandislik fizikasi instituti, Turkologiya ilmiy-tadqiqot instituti hamda Biokimyo instituti tashkil etilgan.

Biokimyo instituti joriy yilda universitetning biologiya va kimyo fakultetlari negizida ochilgan. Buning uchun keng ko‘lamli qurilish qilinib, yettita yangi bino barpo etilgan. Jumladan, jami mingdan ortiq o‘ringa ega 2 ta o‘quv binosi, majlislar zali, oranjereya-issiqxona, biologik tadqiqotlar laboratoriyasi – vivariy, botanik tadqiqotlar laboratoriyasi – gerbariy hamda talabalar oshxonasi qurilgan.

Shu tariqa biologiya va kimyo yo‘nalishidagi mutaxassislarga bir maydonda ilmiy izlanishlar olib borish imkoni yaratilgan. 
Shavkat Mirziyoyev institutdagi o‘quv xonalari, oranjereya, ilmiy laboratoriyalardagi sharoitlar bilan tanishgan va professor-o‘qituvchilar bilan muloqot qilgan.

Ular Prezidentga istiqbolda onkologik dori vositalarining kimyoviy transformatsiyasi asosida xavfli o‘smalarga qarshi tanlab ta’sir etadigan yangi dori vositalarini yaratish rejasi haqida so‘zlab bergan.

Prezident esa institut olimlarini chet elda malaka oshirishga yuborish, farmatsevtika va kimyo mahsulotlarini ishlab chiqish, g‘o‘za, uzum, donning yangi navlarini yaratish bo‘yicha ko‘rsatmalar bergan. 

Ma’lumot uchun, bugungi kunda Biokimyo institutida 8 ta ta’lim yo‘nalishida 2 ming 800 nafar talaba ta’lim olmoqda. Umuman, universitetning 12 ta ilmiy va 67 ta o‘quv laboratoriyasi bor.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq Shavkat Mirziyoyev Imom Buxoriy maqbarasini ziyorat qilgan, u yerda yangidan barpo etilayotgan majmuaning pardozlash ishlari namunalarini ko‘zdan kechirgan, Oqdaryo tumanidagi yangi kapital ta’mirdan chiqarilgan 32-umumta’lim maktabini kirib ko‘rgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Samarqand

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing