Prezident Rufat Risqiyev vafoti munosabati bilan ta’ziya bildirdi
Sport
−
15:39 1815 2 daqiqa
Bugun, 15 avgust kuni O‘zbek boks maktabining atoqli namoyandasi, jahon chempioni, Olimpiya o‘yinlari sovrindori, mashhur sportchi va murabbiy Rufat Asadovich Risqiyev 76 yoshida vafot etdi. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev uning vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidenti matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi.
Rufat Risqiyev 1949 yil 2 oktyabrda Toshkent viloyatida shifokor oilasida tug‘ilgan. O‘quvchilik yillaridan boshlab sportning boks turiga mehr qo‘yib, tajribali ustozlar qo‘lida ta’lim olgan. O‘zining betakror iste’dodi va yuksak texnik mahorati, kuchli irodasi va jangovar xarakteri bilan muxlislar e’tiboriga tushgan afsonaviy sportchi o‘z faoliyatini havaskor bokschi sifatida boshlab, keyinchalik respublika va dunyo miqyosidagi musobaqalarda faol ishtirok etgan, qizg‘in va ayovsiz janglarda O‘zbekiston sharafini munosib himoya qilgan.
Ayniqsa, 1974 yil Kuba Respublikasining poytaxti – Gavana shahrida o‘tkazilgan boks bo‘yicha jahon chempionatidagi janglar uning sportchilik faoliyatida alohida o‘rin tutadi. Dunyoning eng kuchli charm qo‘lqop ustalariga qarshi mardona ringga chiqib, nufuzli musobaqada oltin medalni qo‘lga kiritgan va o‘zbek boksida birinchi marta jahon chempioni degan sharafli unvonga sazovor bo‘lgan.
U 1976 yilda yozgi Monreal Olimpiadasida ham jonbozlik ko‘rsatib, kumush medalni qo‘lga kiritgan.
Rufat Risqiyev sobiq Ittifoq miqyosida 4 karra chempion bo‘lib, xizmat ko‘rsatgan sport ustasi darajasiga yetishgan. U Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi birinchi xalqaro professional boks hakami sifatida ham muvaffaqiyatli ish olib borgan.
“Yorqin iste’dod va mahorat egasi bo‘lgan R.Risqiyev nafaqat respublikamiz, balki jahon boks jamoatchiligi o‘rtasida ham katta hurmat-e’tibor topdi. U “Toshkent yo‘lbarsi” degan sharafli nom bilan sport muxlislari, butun xalqimizning qalbidan chuqur joy egalladi. Mashhur sportchi haqida kitoblar yozildi, badiiy film suratga olindi.
Ustoz sportchi o‘zbek boks maktabining shon-shuhratini oshirishga murabbiy va hakam sifatidagi samarali faoliyati bilan ham beqiyos hissa qo‘shdi. Uning sport olamidagi sharafli yo‘li yurtimizdagi yosh sportchilar uchun chinakam ibrat maktabi bo‘lib xizmat qilmoqda”, deyiladi Prezidentning ta’ziya maktubida.
Rufat Risqiyevning mamlakat sportini rivojlantirish borasidagi xizmatlari davlat tomonidan yuksak taqdirlangan. U “El-yurt hurmati” va “Do‘stlik” ordenlari bilan mukofotlangan.
“Butun hayotini bokschilik faoliyatiga bag‘ishlagan buyuk sportchi, yoshlarning mehribon ustozi, samimiy va kamtarin inson Rufat Risqiyevning yorqin xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi”, deyiladi hamdardlik maktubida.