O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi O‘tkir Tohirov vafot etdi

Jamiyat

−

image

O‘zbekiston madaniyat va san’at sohasi fidoyisi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, “Mehnat shuhrati” ordeni sohibi O‘tkir Dadaqo‘ziyevich Tohirov 85 yoshida vafot etdi. Bu haqda Madaniyat vazirligi xabar qildi.

O‘tkir Dadaqo‘ziyevich Tohirov 1941 yil 1 avgustda Toshkent shahrida tavallud topgan. U o‘zining qariyb oltmish yillik mehnat faoliyati davomida O‘zbekiston madaniyati va san’ati rivojiga munosib hissa qo‘shgan.

U turli yillarda madaniyat uylari va istirohat bog‘larida badiiy rahbar, O‘zbekiston teleradiokompaniyasida badiiy jamoalar instruktori, tuman madaniyat bo‘limi mudiri hamda teatr direktori kabi mas’uliyatli vazifalarda faoliyat olib borgan.

O‘tkir Tohirovning ko‘p yillik faoliyatida Respublika xalq ijodiyoti va madaniy-ma’rifiy ishlar ilmiy-metodik markazi alohida o‘rin tutadi. U 1979–2014 yillar davomida mazkur markaz direktorining o‘rinbosari sifatida faoliyat yuritib, xalq ijodiyoti va madaniy-ma’rifiy ishlarni rivojlantirish, soha mutaxassislarini qo‘llab-quvvatlash hamda boy madaniy an’analarni targ‘ib etishga munosib hissa qo‘shgan.

O‘tkir Tohirovning madaniyat sohasidagi ko‘p yillik samarali mehnati davlat tomonidan yuksak e’tirof etilib, “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi” faxriy unvoni hamda “Mehnat shuhrati” ordeni bilan taqdirlangan.

“Madaniyat vazirligi jamoasi marhumning vafoti munosabati bilan uning oila a’zolari va yaqinlariga, shogirdlari hamda hamkasblariga chuqur ta’ziya izhor etadi”, deyiladi vazirlik ta’ziyanomasida.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing