Prezident Olimpiada sovrindorlarining ota-onasiga minnatdorlik bildirdi

Jamiyat

image

Avval xabar berganimizdek, bugun, 13 avgust kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Tokio Olimpiadasi sovrindorlari, ularning ota-onalari va murabbiylari bilan uchrashdi.

Davlat rahbari uchrashuvda Olimpiya o‘yinlari g‘olib va sovrindorlariga, ularning ota-onalariga minnatdorlik bildirdi.

“Bugungi tantanali marosimda ishtirok etayotgan qahramon o‘g‘lonlarimiz – Tokio Olimpiadasi g‘oliblari haqida har qancha faxrlanib gapirsak arziydi, albatta.

Jamoamizga ilk oltin medalni taqdim etgan 19 yoshli sportchimiz, taekvondo ustasi Ulug‘bek Rashidovga va uning davramizda ishtirok etayotgan hurmatli otasi Ismatilla Rashidov hamda onasi Oksana Danilenkoga el-yurtimiz nomidan tashakkur bildiramiz”, deydi Prezident Mirziyoyev.

Davlat rahbari Ulug‘bek Rashidov O‘zbekiston tarixida Olimpiya oltin medalini qo‘lga kiritgan eng yosh sportchi sifatida nom qozonganini urg‘uladi.

“Mahoratli polvonimiz Akbar Jo‘rayevning umumiy hisobda 430 kilogrammlik marrani egallab, Olimpiya rekordini o‘rnatgani va ikkinchi oltin medalni qo‘lga kiritgani barchamizga ulkan quvonch bag‘ishladi.

Mana shunday mard va pahlavon yigitni tarbiyalagan Akbarjonning onasi Normatova Hafizaxon singlimizga samimiy rahmatimizni aytamiz”, deya Shavkat Mirziyoyev og‘ir atletikadagi g‘alabani qayd etdi.

Prezident superog‘ir vazn toifasida Olimpiada chempioni bo‘lgan Bahodir Jalolovning g‘alabasini alohida e’tirof etib, uning onasini tabrikladi.

“Alpomishlar yurti – Surxon zaminida tug‘ilgan yengilmas sportchimiz Bahodir Jalolovni hammamiz yaxshi bilamiz.

Ismi jismiga mos bu azamat yigit va uning mehribon onasi Sabohat Jalolovani barchamiz qizg‘in qutlaymiz. Men ular bilan avval ham uchrashib, samimiy suhbatlashganimni hamisha yaxshi taassurotlar bilan eslayman.

Bahodir aziz onasiga, xalqimizga bergan va’dasining ustidan chiqib, Vatanimizga uchinchi oltin medalni tuhfa qildi. Shu tariqa o‘zbek boks maktabining shon-shuhratini yanada yuksak bosqichga olib chiqdi.

Milliy dzyudo maktabimizning zabardast vakili Davlat Bobonov va mahoratli erkin kurashchimiz Behzod Abdurahmonovni keskin bellashuvlarda bronza medallarini qo‘lga kiritganlari bilan qutlaymiz.

Bugun davramizda Davlatjonning ota-onasi Husniddin aka va Nuriyaxon opa, Behzodjonning otasi Muhammadjon Abdurahmonov va onasi Muhabbatxon ishtirok etishyapti.

Mana shunday botir o‘g‘lonlarni tarbiyalab voyaga yetkazgani uchun ularning ota-onalari va ustozlariga chin yurakdan tashakkur izhor etamiz”, deya Prezident Olimpiada sovrindorlarini qutladi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonlik sportchilar 9 avgust kuni Vatanga qaytdi. Ularni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva, Bosh vazir Abdulla Aripov va boshqa mas’ullar kutib oldi.

O‘zbekiston o‘zining Olimpiadadagi oltin medal sohiblariga Tahoe, bronza medal qo‘lga kiritgan sportchilariga esa Trailblazer avtomobillari taqdim etdi. Bundan tashqari chempion sportchiga 200 000 AQSH dollari, bronza medal uchun esa 50 000 AQSH dollari miqdoridagi pul mukofoti ham berilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev

Baholaganlar

146

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing