Prezident mahalliy kengashlarning rolini oshirishga qaratilgan qonunni imzoladi
Jamiyat
−
15 Sentabr 2020
5934O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan O‘zbekiston Respublikasining “Xalq deputatlari Kengashlari faoliyati takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida”gi Qonuni imzolandi.
Qonun Qonunchilik palatasi tomonidan joriy yilning 21 avgust kuni qabul qilingan, Senat tomonidan 11 sentyabr kuni ma’qullangan.
Qonun bilan O‘zbekiston Respublikasining 1993 yil 2 sentyabrda qabul qilingan “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi, 2004 yil 2 dekabrda qabul qilingan “Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashi deputatining maqomi to‘g‘risida”gi qonunlariga o‘zgartirishlar kiritildi.
I. Qabul qilingan Qonunning amaliyotdagi ahamiyati quyidagilar bilan izohlanadi:
• mahalliy Kengashlarning hududlar kesimida muhim qarorlar qabul qilish, mahalliy davlat organlari faoliyatini nazorat qilish bo‘yicha rolini yanada oshirishda ularni tashkiliy, texnikaviy va axborot-tahliliy jihatdan ta’minlovchi bo‘linmalarni tashkil etish zarurati mavjud edi;
• mahalliy Kengashlar faoliyati samaradorligini ta’minlashga ko‘maklashuvchi bo‘linmalar mavjud emasligi hokimliklarning apparati (Tashkiliy-nazorat guruhlari) tomonidan o‘ziga xos bo‘lmagan funksiyalarning amalga oshirilishiga sabab bo‘lmoqda;
• O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 17 avgustdagi PF–5515-son Farmoniga asosan xalq deputatlari Toshkent shahar va tumanlar Kengashlari kotibiyatlari faoliyati bo‘yicha yo‘lga qo‘yilgan eksperimentning muvaffaqiyatli amalga oshirilganligi hududlarda ham shunday samarali tizimni joriy etish zarurligini ko‘rsatmoqda.
Bugungi kunda Toshkent shahri va uning tumanlari Kengashlarida tuzilgan kotibiyatlar Senat va tegishli mahalliy Kengashlar o‘rtasida “asosiy ko‘prik” vazifasini bajarib, samarali faoliyat yuritib kelmoqda.
II. Qonunning asosiy qoidalari quyidagilardan iborat:
1) mahalliy Kengashlar faoliyatiga tashkiliy, texnikaviy va boshqa jihatlardan xizmat ko‘rsatish tegishli Kotibiyat tomonidan ta’minlanadi;
2) Kotibiyat yuridik shaxs hisoblanadi va uning faoliyati tegishli mahalliy byudjetlar hisobidan moliyalashtiriladi;
3) Kotibiyat tuzilmasi, nizomi, shtatlari va moddiy-texnika ta’minoti, shuningdek ularning ishlashi uchun zarur xarajatlar tegishli mahalliy Kengashlar tomonidan tasdiqlanadi;
4) Kotibiyat xodimlarining mehnatga oid munosabatlari mahalliy Kengashlarning vakolat muddatiga bog‘liq bo‘lmaydi (bundan Kotibiyat mudiri mustasno);
5) Kotibiyat mudiri tegishli mahalliy Kengash deputatlari orasidan mahalliy Kengash tomonidan uning vakolat muddatiga tayinlanadi;
6) Kotibiyat O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi va o‘z nomi tushirilgan muhriga hamda blankiga ega bo‘ladi;
7) Kotibiyatning namunaviy nizomi va namunaviy tuzilmasi Oliy Majlis Senati Kengashi tomonidan tasdiqlanadi.
Ma’lumot o‘rnida, qonunni ishlab chiqishda Gruziya, Belarus, Qozog‘iston va Qirg‘iziston davlatlarining mahalliy vakillik organlari bo‘yicha tajribasi o‘rganildi.
III. Qabul qilingan Qonundan kutilayotgan natijalar:
• mahalliy davlat hokimiyati tizimida hokimiyatlar bo‘linishi tamoyilining amaliy ro‘yobga chiqarilishini ta’minlash uchun dadil qadam tashlanadi;
• mahalliy Kengashlar a’zolari tomonidan davlat boshqaruvi organlari hududiy boshqarmalarining faoliyati, shuningdek Davlat dasturlarining hududlar kesimida ijro etilishi ustidan ta’sirchan deputatlik nazorati ta’minlanishi uchun zarur sharoitlar yaratiladi;
• mahalliy ijro organi apparatlari (Tashkiliy-nazorat guruhlari) mahalliy vakillik organlariga tashkiliy masalalar bo‘yicha xizmat ko‘rsatish kabi o‘ziga xos bo‘lmagan vazifalardan soqit qilinadi.
LiveBarchasi