Prezident qo‘liga o‘tgan sport
Sport
−
26 noyabr
10238Prezident Milliy Olimpiya tizimini to‘liq nazoratga oldi. 25 noyabr kuni O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasining 41-Bosh assambleyasi bo‘lib o‘tdi va unda tashkiliy masala ko‘rib chiqildi. Milliy olimpiya qo‘mitasi raisi lavozimiga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nomzodi ilgari surildi va bir ovozdan saylandi.
2019-2022 yillarda Rustam Shoabdurahmonov rahbarligidan keyin hozirgacha rasmiy rahbari bo‘lmagan Milliy Olimpiya qo‘mitasining raisligini endi shaxsan hujjatda ham, amalda ham Shavkat Mirziyoyev o‘z qo‘liga oldi.
Mirziyoyevning kenja kuyovi, Prezident Davlat xavfsizlik xizmati rahbari o‘rinbosari va Osiyo Olimpiya Kengashi vitse-prezidenti Otabek Umarov tashkilotda Prezidentning birinchi o‘rinbosari sifatida faoliyat olib boradigan bo‘ldi.
Yuqorida aytilgan lavozimlardan tashqari, O‘zbekiston triatlon raisi, O‘zbekiston MMA assotsiatsiyasi asoschisi va Markaziy MMA konfederatsiyasi raisi hisoblangan Umarov O‘zbekiston uchun tarixdagi eng yaxshi Olimpiada bo‘lgan Parij-2024 yozgi o‘yinlarida rafiqasi Prezident Shavkat Mirziyoyevning kenja qizi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari va Milliy paralimpiya qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Shahnoza Shavkatovna Mirziyoyeva bilan sportchilarni qo‘llab-quvvatlab turdi.
MOQ raisining birinchi o‘rinbosari sifatida saylangan Umarovning Prezident Davlat xavfsizlik xizmati rahbari o‘rinbosarligidan ketganmi-yo‘qmi, bu ma’lumot hozircha ochiqlanmay qolmoqda.
Shu vaqtgacha, Milliy Olimpiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari, O‘zbekiston taekvondo assotsiatsiyasi raisi bo‘lib ishlab kelgan Sherzod Toshmatov esa o‘z lavozimida faoliyat yuritishda davom etadi.
Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov, Prezident Administratsiyasi departamenti rahbari Odil Abdurahmonov, Sport vaziri Adham Ikramov, Bosh assambleya a’zolari, shuningdek, federatsiya va assotsiatsiyalarning mas’ullari ham qatnashdi.
Tadbirda so‘z olgan Bosh vazir Abdulla Aripov qo‘lga kiritilgan yutuqlar haqida to‘xtalar ekan, to‘liq foydalanilmagan imkoniyatlar, kutilgan natijani qayd etmagan federatsiyalar xususida tanqidiy fikr bildirdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev bu lavozimga o‘z-o‘zidan saylangani yo‘q. Los-Anjeles-2028 yozgi Olimpiya o‘yinlariga har tomonlama puxta tayyorgarlik ko‘rish lozimligi, O‘zbekistonning ko‘p ming sonli olimpiya oilasi, sportchi va murabbiylarning iltimosiga binoan davlat rahbari MOQ rahbarligiga saylangan.
Albatta, amalini olgan yangi rahbariyat oldiga ancha vazifalar qo‘yilgan. Avvalo 2028 yil AQSHda o‘tkaziladigan Olimpiada o‘yinlariga sportchilarning puxta tayyorgarlik ko‘rishini ta’minlash va tashkilot ustaviga muvofiq Olimpiya harakatini rivojlantirish, olimpizm g‘oyalarini keng targ‘ib etish, Respublika aholisini jismoniy va ma’naviy tarbiyalashga, jismoniy tarbiya va sport, ayniqsa, milliy sport turlari, nogironlar o‘rtasida sportni rivojlantirishga har taraflama ko‘maklashish va boshqa bir qator vazifalar bor.
Tez orada milliy federatsiyalar va ularning o‘rinbosarlari ham ma’lum bo‘ladi.
LiveBarchasi