Prezident Qoraqalpog‘istonda qurbon bo‘lganlarning oilalariga hamdardlik bildirdi
Jamiyat
−
06 iyul 2022
8274O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘istonda ro‘y bergan voqealarda o‘z yaqinlarini yo‘qotgan oilalarga hamdardlik bildirdi. Bu haqda davlat rahbari bugun, 6 iyul kuni qurilish va ipoteka sohalarida islohotlarni jadallashtirish hamda arxitektura yo‘nalishidagi oliy ta’lim muassasalarini transformatsiya qilish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi avvalida so‘z ochgan.
Yig‘ilish avvalida davlatimiz rahbari Qoraqalpog‘istondagi vaziyat haqida to‘xtalib o‘tgan.
“Bu yerda sodir bo‘lgan noxush voqealar barchamizda tashvish va iztirob uyg‘otishi tabiiydir.
Nukus shahrida yuz bergan voqealar natijasida, afsuski, bir qancha fuqarolar halok bo‘ldi va jabr ko‘rdi.
Shu munosabat bilan o‘z yaqinlarini yo‘qotgan oilalarga chin yurakdan hamdardlik bildiraman. Shifoxonalarda davolanayotgan bemorlarga esa tezroq sog‘ayib ketishlarini tilayman.
Mana shunday daqiqalarda tinchlik va inson hayoti naqadar bebaholigini, uni asrab-avaylash naqadar muhim ekanini, bunga barchamiz mas’ul ekanimizni yanada chuqur his etamiz”, deydi Prezident.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 1-2 iyul kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahrida ayrim fuqarolar O‘zbekiston Respublikasida amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlarni noto‘g‘ri talqin qilib, kutilmaganda namoyishlar uyushtirdi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi holatni Nukusda davlat boshqaruvi organlarini egallashga urinish deb baholadi.
Shundan so‘ng, 2 iyul kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘istonga yetib bordi va qoraqalpoq xalqi bilan muloqot qildi.
Shuningdek, Prezident Konstitutsiyaga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish muhokamasi hali davom etayotganini inobatga olib hamda Qoraqalpog‘iston aholisi bildirayotgan fikr va mulohazalarni o‘rgangan holda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 70, 71, 72, 74, 75-moddalarini amaldagi tahrirda o‘zgarishsiz qoldirish zarurligini ma’lum qildi.
4 iyul kuni O‘zbekiston Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Konstitutsiyadagi Qoraqalpog‘istonga oid moddalar o‘zgartirilmasligi haqida qaror qabul qildi.
Sodir bo‘lgan voqealarda 516 kishi qo‘lga olindi, 243 kishi jarohatlandi, 18 kishi qurbon bo‘ldi. Holat bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 159-moddasi (O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish) 4-qismi – “Hokimiyatni bosib olish yoki O‘zbekiston Respublikasi konstitutsiyaviy tuzumini ag‘darib tashlash maqsadida fitna uyushtirish” bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
LiveBarchasi