Prezident Qarshidagi uyda mehmon bo‘ldi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryoga tashrifi chog‘ida Qarshi shahridagi Oydin mahallasida bo‘lib, aholi turmushi, hududdagi obodlik va kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik bilan yaqindan tanishdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, davlat rahbari bugun, 24 oktyabr kuni Qarshi shahriga tashrifi davomida “Oydin” MFYdagi 11-uyda yashovchi Dilshod Nabiyev xonadonida mehmon bo‘lib, oila a’zolari bilan bir dasturxon atrofida suhbatlashgan.

Ushbu oila boshlig‘i Dilshod Nabiyev xususiy tadbirkor, u turmush o‘rtog‘i Hurriyatxon bilan ikki farzandini voyaga yetkazmoqda. Ular martabali mehmonga tadbirkorlik faoliyati, bolalarga berilayotgan e’tibor va imkoniyatlar haqida so‘zlab bergan.

Shundan so‘ng Prezident mahallaning yangi markazi – mahalla guzari, xizmat ko‘rsatish shoxobchalarini ko‘zdan kechirgan. Shu yerda nuroniylar bilan muloqot qilgan.

Muloqotda Qarshi shahri mas’ullari, mahalla “yettiligi” hududda amalga oshirilayotgan ishlar haqida axborot bergan.Mahalla raisi, hokim yordamchisi, xotin-qizlar faoli, yoshlar yetakchisi hamda profilaktika inspektoridan iborat tizimga soliqchi va ijtimoiy xizmat xodimi ham qo‘shilib, “mahalla yettiligi” joriy etilishi, kelgusi yildan “Mahalla byudjeti” tizimi to‘liq joriy qilinishi qayd etilgan.

Shuningdek, amaldagi uchta platforma – “Onlayn mahalla”, “Xotin-qizlar”, “Yoshlar portali” o‘zaro integratsiya qilinib, yagona tizimda mujassamlashtirilishi ta’kidlangan.

Prezident mazkur tizimni samarali ishlatish, bunday keng vakolat va mablag‘lardan foydalanib, mahalladagi dolzarb muammolarni hal qilish zarurligini aytib o‘tgan. Shu bilan birga, aholini tadbirkorlikka, xotin-qizlarni kasb-hunarlarga jalb etib, daromadini oshirish, yoshlar uchun madaniy tadbirlar, musobaqalar tashkil etish muhimligini qayd etgan.

Ma’lumot uchun, Oydin mahallasida 11 mingga yaqin aholi yashaydi. Hududda ikkita maktabgacha ta’lim tashkiloti, bitta umumta’lim maktabi mavjud. Joriy yilda yana uchta ko‘p qavatli uy foydalanishga topshirilgan.

Mahallada xizmat ko‘rsatish sohasi, tikuvchilik va hunarmandchilik yaxshi rivojlangan. Xususan, yigirmaga yaqin savdo do‘koni, sartaroshxona, umumiy ovqatlanish shoxobchasi va boshqa turdagi tadbirkorlik sub’ektlari faoliyat yuritmoqda. Ularda mahalliy aholi, xususan, yoshlar ish bilan band.

Joriy yilda mahalladagi ikki yuz nafardan ortiq ishsiz aholi doimiy va mavsumiy ishlarga joylashtirildi. Yana qariyb shuncha fuqaro “Ishga marhamat” monomarkazlari va boshqa nodavlat ta’lim muassasalari orqali o‘qitildi. Ularning 191 nafari o‘zini-o‘zi band qilgan shaxs sifatida ish boshlagan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryoga tashrifi chog‘ida rejadan tashqari Qarshi tumani tibbiyot birlashmasiga borgan edi. Shuningdek, davlat rahbari Qarshi tumani markazi – Beshkent shahridagi 12-maktabni ham rejalashtirilmagan holda borib ko‘rgandi


Maqola muallifi

Teglar

Prezident Shavkat Mirziyoev Qarshi Oydin MFY

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing