Prezident Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini ziyorat qildi

Jamiyat

image

Bugun, 8 may kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va mehnat fronti faxriylarini ziyorat qilib, bayram bilan tabrikladi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, davlat rahbari Qurolli Kuchlar Bosh harbiy klinik gospitalida Akmal ota Akramov, Vera Juravskaya, Hasanboy ota Xalmatov va Vladimir Alekseykov bilan dildan suhbatlashgan. Nuroniylarning hol-ahvoli va salomatligi bilan qiziqqan. Ularning mashaqqatli hayot yo‘li hamda ko‘rsatgan jasoratlarini alohida e’tirof etgan.

“Sizlar tarixning jonli guvohi, matonat timsolisizlar. Sizdek tabarruk insonlar bilan uchrashish, o‘gitlaringizni tinglash bizga katta ma’naviy kuch bag‘ishlaydi. Xalqimiz sizlar bilan haqli ravishda faxrlanadi. Bugungi tinch va ozod kunlar, avlodlarning baxtiyor istiqboli sizlarning mislsiz fidokorligingiz mahsulidir. Sizlarning ibratli hayot yo‘lingiz yoshlarimiz uchun haqiqiy matonat maktabidir”, deydi Prezident.

Prezidentning joriy yil 16 apreldagi qaroriga muvofiq, urush va mehnat faxriylariga yuksak darajada ehtirom ko‘rsatilmoqda.

Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari, front orti faxriylari hamda mustaqillik yillarida xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilarning oila a’zolari davlatning doimiy g‘amxo‘rligida. Ularga moddiy va ma’naviy ko‘mak berish barobarida salomatliklarini tiklash uchun respublikamizning eng yaxshi sanatoriylariga imtiyozli yo‘llanmalar ajratilgan.

“Yaratgan sizlarga vatanparvarlik va fidokorona mehnatingiz mukofoti sifatida uzoq umr, el-yurt ardog‘ida yashash baxtini ato etgan. Sizlarning duolaringiz yurtimiz uchun omonlik, ishlarimizga barakadir”, deydi Prezident.

Uchrashuvda nuroniylar O‘zbekistonda tarixiy xotirani tiklash, keksalarni e’zozlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar uchun davlat rahbariga minnatdorlik bildirgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shavkat Mirziyoyev poytaxtdagi G‘alaba bog‘iga tashrif buyurib, “Matonat madhiyasi” yodgorligi poyiga gulchambar qo‘ygani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Ikkinchi jahon urushi front faxriylari

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing