Prezident Davlat xavfsizlik xizmati rahbari Alisher Usmonov ishdan haydaldi
Jamiyat
−
08:29 5926 1 daqiqa
2020 yilning dekabr oyidan buyon Prezident Davlat xavfsizlik xizmati rahbari lavozimida ishlab kelayotgan Alisher Usmonov ishdan olindi. Bu haqda QALAMPIR.UZ manbasi ma’lum qildi.
Ma’lumot o‘rnida, mazkur tuzilma bevosita O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining xavfsizligini ta’minlash, mamlakat yetakchisining oila a’zolari va xorijiy davlatlar rahbarlarining tashriflari xavfsizligini himoya qilish bilan shug‘ullanadi.
Alisher Usmonov PDXX rahbarligiga tayinlanishidan oldin uzoq yillar davomida kuch ishlatar tizimlarda, xususan, Davlat xavfsizlik xizmati raisining o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan.
Shuningdek, Ichki ishlar vazirligi tizimida ham mas’ul lavozimlarda, jumladan, Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi Tergov boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari sifatida faoliyat olib borgan.
Davlat xavfsizligi va jamoat tartibini saqlashdagi xizmatlari uchun 2007 yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmoni bilan II darajali “Shon-sharaf” ordeni bilan taqdirlangan.
Alisher Abrorovich Usmonov o‘z kasbiy faoliyatining xususiyati tufayli ommaviy axborot vositalarida kam ko‘rinish beradigan va shaxsiy hayoti hamda batafsil tarjimai holi ochiq e’lon qilinmaydigan yopiq shaxslar sirasiga kiradi.
Eslatib o‘tamiz, Alisher Usmonov 2020 yilning dekabr oyida Prezident Davlat xavfsizlik xizmatining raisi etib tayinlangandi.
Live
Barchasi