Prezident Chorvoqda Emin Agalarov qurayotgan loyiha bilan tanishdi
Jamiyat
−
14 aprel
14253O‘tgan yili ozarbayjonlik xonanda va ishbilarmon Emin Agalarov Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumani hududida Chorvoq suv ombori bo‘yida “Sea Breeze Uzbekistan” xalqaro turizm markazi barpo etish istagini bildirgandi. U bugun, 14 aprel kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga xalqaro turizm markazining master-rejasini taqdim qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, O‘zbekistondagi qulay investitsiya muhiti tufayli barcha sohalarga ilg‘or g‘oyalar kirib kelmoqda, yangi majmualar barpo etilmoqda. Xususan, turizmda so‘nggi yillarda 2 mingdan ortiq yangi tadbirkor ish boshlagan. O‘tgan yili xorijiy sayyohlar tashrifi ilk bor 10 milliondan oshgan. Birgina Toshkent viloyatining Bo‘stonliq hududida Amirsoy va “Ugam River” kabi kurortlar, “Beldirsoy-Chimyon-Nanay” turizm maskanlari tashkil etilgan.
“Bunday rivojlanish sur’ati chet ellik investorlarni ham o‘ziga tortmoqda. Jumladan, Chorvoq suv ombori bo‘yida “Sea Breeze Uzbekistan” xalqaro turizm markazi qurilishi haqida avval xabar berilgan edi. Bu galgi taqdimotda ushbu yirik loyihaning bir nechta xorijiy kompaniyalar ishtirokida ishlab chiqilgan master-rejasi ko‘rib chiqildi”, deyiladi xabarda.
Bildirilishicha, turizm markazini 10 ta kichik hududga bo‘lib qurish ko‘zda tutilmoqda. Ularning har biri piyoda borish mumkin bo‘lgan ko‘ngilochar maskan va xizmatlarni qamrab oladi. Ikki qirg‘oq o‘rtasida ko‘prik qurilib, keluvchilarga qulaylik oshiriladi. Suv bo‘yida xiyobon, plyaj va dam olish joylari bo‘lsa, qiyaliklarda mehmonxonalar, kottejlar, uylar, restoran va tomoshagohlar bo‘ladi. Shuningdek, madaniyat, ta’lim, tibbiyot, sport maskanlari barpo etiladi. Ya’ni bu yerda faqat sayohat emas, balki yil davomida yashash imkoniyati ham yaratiladi.
Davlat rahbari bu loyiha barcha tashrif buyuruvchilarga qulay bo‘lishi lozimligini ta’kidlab, majmuani zarur infratuzilma bilan ta’minlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
Ma’lumot uchun, Emin Agalarov Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevning qizi Leyla Aliyevaning sobiq turmush o‘rtog‘i. Ular 2006-2015 yillar birga yashagan. Uch nafar farzandi bor. Sobiq kuyov nafaqat xonanda, balki Agalarov Development kompaniyasi vitse-prezidenti ham.
LiveBarchasi