Prezident “Boysun”, “Shalola”, “Boychechak”, “Chor-qarsak”, “Bulbuli-go‘yo” badiiy jamoalariga e’tibor qaratdi
Jamiyat
−
17 noyabr 2023
6642Prezident Shavkat Mirziyoyev “Boysun”, “Shalola”, “Boychechak”, “Chor-qarsak”, “Bulbuli-go‘yo” kabi badiiy jamoalarning xalqaro festivallarda ishtirokini ta’minlash muhimligini qayd etdi. Davlat rahbari bu haqda Termiz shahrida bo‘lib o‘tayotgan Surxondaryo viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yuzasidan yig‘ilishda aytib o‘tdi.
Yig‘ilishda Prezident mutasaddilarga viloyatda madaniyat va sportni rivojlantirishga qaratilgan qator vazifalarni belgilab bergan.
Xususan, Madaniyat vazirligi baxshichilik san’ati namunalari, doston va termalarning “Oltin fondi”ni yaratishi, “Do‘mbira” ustaxonasi va “Baxshilar uyushmasi” tashkil qilinishi topshirilgan.
Shuningdek, Surxon yoshlarini sportga jalb qilish bo‘yicha bir oy muddatda qaror loyihasini kiritish, kelgusi yilda “Uchqizil” suv omborida baydarka va kanoeda eshkak eshish xalqaro sport bazasini tashkil qilish yuklatilgan.
Yana bir masala – iqtidorli yoshlarimizni xorijda o‘qitish. Jumladan, kelgusi yillarda Surxondaryodan 500 nafargacha yoshlar Italiyaga yuborilishi qayd etilgan. Bunda ular Italiyaning yirik sanoat korxonalarida to‘qimachilik, qurilish materiallari, oziq-ovqat ishlab chiqarish uskunalarida ishlashni o‘rganib kelishi ko‘zda tutilgan.
Yoshlar o‘qishdan qaytib kelgach esa, o‘z tadbirkorligini yo‘lga qo‘yishiga har tomonlama ko‘mak ko‘rsatilishi belgilangan.
Yig‘ilish davomida hududlar va tarmoqlar, tegishli idoralar rahbarlarining hisoboti tinglangan.
Eslatib o‘tamiz, Prezident Shavkat Mirziyoyev Termiz shahrida bo‘lib o‘tayotgan yig‘ilishda yaqin yigirma yilda Amudaryo va Sirdaryo oqimi 15 foiz kamayishi kutilayotgani, shu bois aholiga “suv – tekin emas” degan g‘oyani singdirish kerakligini ta’kidlagan edi.
LiveBarchasi