Prezident boqaman deydi, kimdir esa...
Tahlil
−
08 may 2020
22263Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan O‘zbekistondagi iqtisodiy farovonlikni oshirish, aholi daromadlarini ko‘paytirish, kambag‘allikni qisqartirishga oid qator qarorlar qabul qilinib, hayotga tatbiq etilmoqda. Bu ishlarda bosh-qosh bo‘lish esa sektor rahbarlari zimmasiga yuklatilgan. Hududlardagi ayrim rahbarlar esa bu ishlarga jiddiy qaramayotgani achinarli.
Qashqadaryo viloyati hokimi Zoyir Mirzayev tomonidan “Bir tumanda bir kun” loyihasi yo‘lga qo‘yilgan. Unga ko‘ra, viloyatdagi barcha tashkilot va korxonalar rahbarlari, viloyat hokimining o‘rinbosarlari kun davomida bir hududda bo‘lib, bu yerda o‘z yo‘nalishlari va sohalari bo‘yicha islohotlar natijadorligi, mavjud muammolar, istiqbolli loyihalar va ularni hayotga tatbiq etishga to‘sqinlik qilayotgan omillarni sinchiklab o‘rganiladi.
Bu safar Shahrisabz tumanidagi qator kamchiliklarni ochib berdi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur tuman qulay geografik hududda joylashgan, tabiiy iqlim sharoiti, yerlarining unumdorligi bilan alohida ajralib turadi. Shunga qaramay, foyda olish darajasi passiv ekanligi aniqlandi.
“Viloyat hokimi ko‘zdan kechirgan o‘ndan ortiq ob’ektning o‘ziyoq bunga yaqqol guvohlik berib turibdi. O‘rganilgan barcha ob’ektlar egalarining xatti-harakatlaridan ular daromad emas, xaridor ilinjida payt poylayotganga o‘xshaydi”, deyiladi xabarda.
Tumanda joylashgan “Shamaton” mahalla fuqarolar yig‘inidagi molxona binolari ko‘p yillar ilgari xususiylashtirilgani aniqlandi. Binoni arzimagan pulga sotib olgan tadbirkor uni o‘z holiga tashlab qo‘ygan. Oqibatda binolarning ahvoli abgorlashgan. Unga qarashli qariyb 5 gektar yer esa tashlandiq maydonga aylangan.
Shuningdek, tumandagi “Mevazor” mahalla fuqarolar yig‘inida joylashgan eski molxona binosida ham, unga qarashli yerlarda ham xuddi shu holatga kelib qolgan.
Davlat rahbari odamlar hayotini yanada yaxshilash uchun tunu kun mehnat qilayotgan, bosh qotirayotgan va qo‘pol bo‘lsa-da, “nonni chaynab berayotgan” bir vaqtda bu hududlarga mas’ul bo‘lgan mahalla raisi, sektor rahbarlari, tuman hokimining mazkur masalalarga daxldorligi nima bo‘ladi? Tadbirkorman deb binolarni egallab olganlarning vijdoni qiynalarmikan?
Dunyodagi aksari davlatlar unumdor bir qarich yerga muhtoj bo‘lib turgan vaqtda shundoq yastanib yotgan bu ne’matdan unumli foydalanmaslik, uning qadriga yetmaslikning hisobi ertaga og‘ir bo‘ladi. Umid qilamizki, mas’ul tashkilotlar mazkur muammolarni hal etadi va olib borilayotgan ishlarda davlat rahbariga yelkadosh bo‘ladi.
LiveBarchasi