“Prezident bilan selfi”. Si Szinpin Li Chje Myonning rasmga olish mahoratini olqishladi (video)
Olam
−
06 yanvar 4982 2 daqiqa
Kecha, 5 yanvar kuni Xitoy poytaxti Pekin shahrida bo‘lib o‘tgan davlat banketi chog‘ida Janubiy Koreya Prezidenti Li Chje Myon Xitoy rahbari Si Szinpin bilan birga selfi oldi. Bu holat ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar iliqlashib borayotganining ramziy ifodasi sifatida baholandi. Bu haqda “Korea JoongAng Daily” nashri xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Li Chje Myon rasmga tushishni taklif qilganida, Si Szinpin bunga ijobiy munosabat bildirgan va Koreya rahbarining suratga olish mahoratini maqtagan.
Xabarda aytilishicha, banket Pekindagi Ulug‘ xalq zalida bo‘lib o‘tgan. Unda ikki davlat rahbarlari bilan birga ularning rafiqalari – Kim He Gyon va Pen Liyuan ham ishtirok etgan. Tadbirdan so‘ng Janubiy Koreya Prezidenti selfilarni ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilib, uchrashuv iliq va samimiy ruhda o‘tganini ta’kidlagan.
Koreya yetakchisi Si Szinpinga an’anaviy koreys san’atiga mansub “girin” – tinchlik va farovonlik timsoli bo‘lgan afsonaviy mavjudot tasvirlangan rasmni sovg‘a qilgan. Shuningdek, Xitoy rahbariga ajdarho naqshlari tushirilgan, oltin bezakli san’at asari ham taqdim etilgan. O‘z navbatida, Janubiy Koreya birinchi xonimi Kim He Gyon Xitoy birinchi xonimi Pen Liyuanga an’anaviy koreys bezak taqinchoqlarini topshirgan.
Nashrga ko‘ra, kun davomida tomonlar rasmiy kutib olish marosimi, ikki tomonlama muzokaralar hamda hamkorlik hujjatlarini imzolash tadbirlarida qatnashgan. Davlat banketi esa siyosiy muloqotdan tashqari, norasmiy va do‘stona muhitda o‘tgani bilan e’tiborni tortgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yil 4 yanvar kuni Janubiy Koreya Prezidenti Li Chje Myonning Xitoyda rasmiy davlat tashrifi boshlangan edi.
Live
Barchasi