Xitoy Yaponiya bilan keskinlashuv fonida Koreya bilan aloqalarni yaxshilamoqchi
Olam
−
02 yanvar 6512 3 daqiqa
Xitoy Xalq Rerpublikasi Raisi Si Szinpin 4 yanvar kuni boshlanadigan davlat tashrifi doirasida Janubiy Koreya Prezidenti Li Chje Myonni qabul qiladi. Bu qadam Tayvan masalasi sabab Yaponiya bilan munosabatlar keskinlashgan bir paytda Pekinning Seul bilan aloqalarni mustahkamlashga intilayotganini ko‘rsatadi. Bu haqda “The Japan Times” xabar berdi.
Qayd etilishicha, mazkur tashrif Si va Li o‘rtasida ikki oy ichida o‘tayotgan ikkinchi uchrashuv hisoblanadi. Bu esa Xitoyning Janubiy Koreya bilan iqtisodiy hamkorlik va turizmni rivojlantirishga bo‘lgan qiziqishini aks ettiruvchi g‘ayrioddiy qisqa vaqt oralig‘idir.
Yaponiya Bosh vaziri Sanae Takaichi 2025 yil noyabr oyida, agar Pekin Tayvanga hujum qilsa, Tokio harbiy choralar ko‘rishi mumkinligini aytganidan so‘ng, Xitoy va Yaponiya o‘rtasidagi munosabatlar keskinlashgan edi.
Tahlilchilarga ko‘ra, Sining 4 yanvar kuni Lini davlat tashrifi bilan qabul qilishi, ayniqsa Janubiy Koreya rahbarining Yaponiyaga rejalashtirilgan tashrifidan oldin, ikki tomonlama munosabatlarni chuqurlashtirishga qaratilgan hisoblangan qadamdir.
“Xitoy Janubiy Koreyaning ahamiyatini avvalgidan ko‘ra ko‘proq ta’kidlamoqchi. Strategik jihatdan Pekin Lining Yaponiya bilan navbatdagi sammitdan oldin Xitoyga tashrif buyurishi maqbul, degan xulosaga kelgan ko‘rinadi”, deydi Xankuk xorijiy tadqiqotlar universiteti siyosiy iqtisod professori Kang Jun Yon.
Janubiy Koreya Prezidentining xavfsizlik bo‘yicha bosh maslahatchisi Vi Song Lak bugun, 2 yanvar kuni Li–Si sammiti ikki tomonlama munosabatlarda “yangi bob” ochishini kutayotganini bildirdi. Uning aytishicha, tomonlar qo‘shma bayonot qabul qilmasligi mumkin, ammo iqtisodiyot, biznes va iqlim sohalarida 10 dan ortiq bitim tayyorlanmoqda.
Li ma’muriyati Xitoy Janubiy Koreyaning eng yirik savdo hamkori ekanini tan olgan holda, Pekin bilan munosabatlarni “tiklash”ni maqsad qilganini ma’lum qildi.
Bu o‘zgarish Lining avvalligi rahbari Yun Sok Yol davrida AQSH va Yaponiya bilan yaqin aloqalar yo‘lga qo‘yilishi hamda Xitoyning Tayvanga nisbatan siyosati tanqid qilingani ortidan ikki davlat munosabatlari sovuqlashganidan keyin yuz bermoqda.
Ma’lumot o‘rnida, hozirda Janubiy Koreya muvozanatli tashqi siyosat yuritishga intilmoqda va mintaqadagi yirik sanoat davlati bilan keskinlikka yo‘l qo‘ymaslik maqsadida Xitoy bilan hamkorlik qilishga moyil.
Shu bilan birga, Xitoy va Janubiy Koreya murakkab geosiyosiy muammolarga duch kelmoqda. Xitoy Janubiy Koreyaning asosiy ittifoqchisi bo‘lgan AQSHga qarshi turib kelmoqda, yadroviy qurolga ega Shimoliy Koreya esa oldindan aytib bo‘lmaydigan xavf sifatida qolmoqda.
Janubiy Koreyaning sobiq mudofaa vaziri o‘rinbosari va Sejong instituti katta ilmiy xodimi Shin Bom Chxolning aytishicha, Si va Li Janubiy Koreya–AQSH ittifoqini modernizatsiya qilish kabi bahsli masalalarni ham muhokama qilishi mumkin.
Ayni paytda Shimoliy Koreyadan kelishi mumkin bo‘lgan tahdidlarga qarshi turish maqsadida Janubiy Koreyada taxminan 28 500 nafar AQSH harbiy xizmatchisi joylashtirilgan.
AQSH rasmiylari mazkur kuchlarni Tayvanni himoya qilish va Xitoyning ortib borayotgan harbiy ta’sirini cheklash kabi boshqa tahdidlarga javob berishda yanada moslashuvchan qilish rejalarini ishlab chiqqan.
Live
Barchasi