Prezident MGIMOning filialini ochishga qaror berdi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Rossiya Federatsiyasi Tashqi ishlar vazirligining Moskva davlat xalqaro munosabatlar instituti (universiteti)” Federal davlat avtonom oliy ta’lim muassasasining Toshkent shahridagi filiali faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Bu haqda Adliya vazirligining “Huquqiy axborot” kanalida xabar berildi. 

Filialda quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha mutaxassislar tayyorlanadi:

biznes-informatika (bakalavr);
ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlarni tizimli tahlil qilish va prognozlashtirish (magistr);
xalqaro xususiy, fuqarolik huquqi va arbitraj (magistr);
xalqaro savdo va moliya huquqi (magistr);
xalqaro tashkilotlar uchun sinxron tarjimonlar tayyorlash va madaniyatlararo kommunikatsiya (magistr).

Filial O‘zbekiston va Rossiya qonunchiligi va xalqaro shartnomalariga muvofiq bosh muassasaning alohida tarkibiy bo‘linmasi hisoblanadi.

Filialda o‘quv jarayoni bakalavriat dasturlari bo‘yicha to‘rt yillik va magistratura dasturlari bo‘yicha ikki yillik ta’limni ko‘zda tutgan bo‘lib, asosan kunduzgi shaklda amalga oshiriladi.

Filial bitiruvchilariga O‘zbekistonda oliy ta’lim to‘g‘risidagi hujjat sifatida tan olinadigan bosh muassasaning belgilangan namunadagi diplomi beriladi.

Filialda ta’lim Rossiya Federatsiyasi federal ta’lim standartlariga muvofiq bosh muassasa tomonidan tasdiqlanadigan o‘quv reja va ta’lim dasturlari asosida rus va ingliz tillarida olib boriladi.

Barcha darajadagi ta’lim dasturlari rus va ingliz tillaridan tashqari qo‘shimcha chet tilini o‘qitishni ko‘zda tutadi.

Eslatib o‘tamiz, kecha, 11 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Maslahatchisi, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti rektori Abdujabbor Abduvohitov O‘zbekistonda bo‘lib turgan Moskva davlat xalqaro munosabatlar instituti (MGIMO) delegatsiyasi rahbari, institut prorektori Artyom Malgin bilan uchrashgandi. 


Maqola muallifi

Teglar

MGIMO Prezident qarori Moskva davlat xalqaro munosabatlar instituti

Baholaganlar

24

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing