Prezident Andijonga 1 trln so‘m yo‘naltirishini aytdi
Jamiyat
−
16 aprel
2556Andijon viloyatiga qo‘shimcha 1 trillion so‘m yo‘naltirilishi aytildi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun, 16 aprel kuni viloyatda kompleks rivojlantirish bo‘yicha ustuvor vazifalar yuzasidan o‘tkazgan yig‘ilishida ma’lum qildi.
Yig‘ilishda Andijon hamma sohada islohotlar ijrosiga astoydil kirishib, odamlarning kundalik hayotiga ijobiy o‘zgarishlarni tez olib kirayotgan hududlardan biri ekani ta’kidlandi. O‘tgan yili viloyatda 4 mingdan ziyod yangi tadbirkor ish boshlagani, 51 ta korxona kichikdan o‘rta toifaga o‘tgani, 13 tasi yiriklashgani, shuningdek, bir yilda 450 ming aholi ishga joylashgani aytildi.
Qayd etilishicha, viloyatda 1,5 million kvadrat metr turar joy va 850 ming kvadrat metr noturar ob’ektlar qad ko‘tardi. Buning hisobiga o‘tgan yili savdo va xizmatlar 13 foizga, sanoat 7,5 foizga oshgan.
“Lekin hayot bir joyda to‘xtab qolmaydi. Odamlar har kuni izlanib, yangi g‘oya va tashabbuslar bilan chiqyapti, oldimizga katta-katta masalalarni qo‘ymoqda”, degan Mirziyoyev.
Shuni hisobga olib, viloyatga qo‘shimcha 1 trillion so‘m yo‘naltirilishi aytildi. Viloyat hokimligi, viloyat tashkilotlari rahbarlari, 16 ta shahar va tuman hokimlari aholi va tadbirkorlarni har kuni eshitib, hozirgi sur’atni saqlab qolishi shartligi ko‘rsatib o‘tildi.
“Dunyodagi bugungi iqtisodiy tebranishlar sharoitida har bir hokim favqulodda mas’uliyat olishi lozim”, deya ta’kidladi Prezident.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hududlar rivoji, aholi hayoti bilan yaqindan tanishish maqsadida kecha, 15 aprel kuni Andijon viloyatiga yetib borgandi. Davlat rahbari Yangi Andijon shahridagi “Yangi O‘zbekiston” bog‘ida o‘tayotgan xalq saylida so‘zga chiqib, Zahiriddin Muhammad Bobur xotirasini abadiylashtirish maqsadida Yangi Andijon shaharchasiga Bobur shahri deb nom berishni taklif qildi.