Prezident Administratsiyasining Nazorat inspeksiyasi tugatildi

Jamiyat

image

Bugun, 16 iyun kuni amalga oshirilayotgan islohotlar natijadorligi, hududlarda ishlarning borishi, aholini o‘ylantirayotgan masalalarga yechim topish yuzasidan Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilayotgan videoselektor yig‘ilishida Prezident Administratsiyasining Nazorat inspeksiyasi faoliyati tanqidiy ko‘rib chiqildi.

“Nazorat inspeksiyasiga nima uchun shuncha vakolat berilgan? Vazirlarga yaxshi ko‘rinish uchun, ular nimani bersa, shuni ko‘tarib kelmasdan, masalalarni o‘rganib, aybdorlarni jazolash bo‘yicha nega taklif kiritmaydi?” dedi davlat rahbari.

Faoliyatidagi kamchilik va muammolarni hisobga olib, Prezident Administratsiyasining Nazorat inspeksiyasini bugunning o‘zida tugatishga qaror qilindi.

Shu bois ijro intizomini mustahkamlash, aholi muammolari bilan ishlash bo‘yicha mutlaqo yangi tizim yaratilishi belgilandi.

Bundan buyon ijro intizomiga Hisob palatasi mas’ul bo‘ladi, uning vakolatlari kengaytiriladi. Endilikda Hisob palatasi qarorlar bilan berilgan mablag‘larni faqatgina to‘g‘ri sarflanishini emas, balki nima samara berganini, aholi bundan qanchalik rozi bo‘lganini ham o‘rganadi.

Palata raisi har bir qaror ijrosi natijadorligini tahlil qilib, zaif nuqtalar, “aravasini tortmayotgan” rahbarlar va ishlamayotgan tizimlar bo‘yicha o‘z taklifini har oyda Prezidentga kiritadi.

Shuningdek, Hisob palatasiga bir oy ichida Toshkent shahrida o‘zini oqlagan “Xalq nazorati” elektron portalini butun respublikada ishga tushirish topshirildi. Ushbu portal orqali aholi qurilish, obodonlashtirish va infratuzilma muammolarini suratga olib va aniq manzilini ko‘rsatgan holda mobil ilova orqali yuboradi.

Masalaning yechimi ham fotosurat bilan tasdiqlanadi. Ularning qanchalik tez va sifatli hal etilishiga qarab, hokimlar faoliyati kunlik baholab boriladi. Bu tizim murojaatlarning yagona platformasi bo‘ladi va unga barcha vazirlik, idora, hokimliklar ulanadi.

Ma’lumot uchun, Prezident Administratsiyasining Nazorat inspeksiyasi 2022 yilning avgust oyida tashkil qilingan va unga Prezident qarorlari va topshiriqlari ijrosini qat’iy ta’minlash vazifasi qo‘yilgan edi. Nazorat inspeksiyasini Saidlaziz Saidkarimov boshqarib kelayotgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Hisob palatasi Prezident Administratsiyasi Saidlaziz Saidkarimov Nazorat inspektsiyasi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing