Prezident 50 foiz elektr energiyasini xususiy elektr stansiyalarida ishlab chiqarilishiga va’da berdi

Jamiyat

image

2025 yilgacha O‘zbekistonda kamida  50 foiz elektr energiyasini xususiy elektr stansiyalarida ishlab chiqarish uchun barcha imkoniyatlar yaratib beriladi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev Navoiy viloyatiga tashrifi chog‘ida Karmana tumanidagi yangi quyosh elektr stansiyasini ishga tushirishga bag‘ishlangan nutqida va’da qildi. 

Prezident Shavkat Mirziyoyev yangi stansiya  O‘zbekiston tarixida ilk bor xususiy investor tomonidan qurilgan elektr stansiyasi ekaniga e’tibor qaratdi.

“Bu so‘nggi ikki yilda elektr energiyasi sohasida boshlagan katta islohotlarimizning amaliy natijasi,  investorlarning mamlakatimizga nisbatan ishonchi  tobora ortib borayotganining yorqin dalilidir”, deydi Prezident.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston energetika sohasida tub islohotlarni boshlagan. Elektr energiyasini ishlab chiqarish, uzatish, taqsimlash va sotishni o‘zida jamlagan monopol davlat kompaniyasi o‘rniga bir-biridan mustaqil  4 ta kompaniya tashkil etilgan.

"Energetika sohasida raqobatdosh ulgurji bozorni shakllantirish, xususiy investorlar uchun keng imkoniyatlar yaratish va shu orqali elektr energiyasiga o‘sib borayotgan talabni  maqbul narxlarda qondirishni asosiy vazifa etib belgiladik.

Shu tariqa 2025 yilgacha yurtimizda kamida  50 foiz elektr energiyasini xususiy elektr stansiyalarida ishlab chiqarish uchun barcha imkoniyatlarni yaratib beramiz", deydi davlat rahbari.

Ma’lumot o‘rnida, bugun, 27 avgust kuni Karmana tumanida quvvati 100 megaVatt bo‘lgan  zamonaviy quyosh fotoelektr stansiyasi ishga tushirilmoqda. Loyiha doirasida 110 million dollar investitsiyalar o‘zlashtirilib, 300 mingta quyosh panellari o‘rnatilgan. Bu yerda yiliga 252 million kiloVatt-soat elektr energiyasi  ishlab chiqariladi. Buning hisobidan 80 million kub metr tabiiy gaz tejalib, atmosferaga 160 ming tonna  bug‘lanuvchi gazlar chiqishining oldi olinadi.

Mutaxassislarning hisob-kitoblariga ko‘ra,  O‘zbekistonda quyosh stansiyalarini qurish orqali jami 600 milliard kiloVatt-soat  elektr energiyasi ishlab chiqarish imkoniyati mavjud. Bu  respublikamizning  bugungi kunda energiyaga bo‘lgan jami ehtiyojidan 8 barobar ko‘p.

2030 yilga borib  quyosh elektr stansiyalari quvvatini kamida 5 ming,  shamol elektr stansiyalari bo‘yicha esa 3 ming megaVattga yetkazish reja qilingan.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev

Baholaganlar

27

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing