Prezident 13 nafar senatorni tayinladi
Jamiyat
−
18 yanvar 2020
15905O‘zbekiston Konstitutsiyasining 77-moddasida Senatning 16 nafar a’zosi fan, san’at, adabiyot, ishlab chiqarish sohasida hamda davlat va jamiyat faoliyatining boshqa tarmoqlarida katta amaliy tajribaga ega bo‘lgan hamda alohida xizmat ko‘rsatgan eng obro‘li fuqarolar orasidan Prezident tomonidan tayinlanishi belgilangan.
Shavkat Mirziyoyev tomonidan imzolangan Oliy Majlis Senati a’zolarini tayinlash to‘g‘risidagi farmon bilan 13 nafar senator tayinlandi. Ulardan ikki nafari hukumat a’zosi, yana ikki nafari esa Prezident administratsiyasi vakili. Tayinlangan 13 nafar senator ro‘yxati:
Shavkat Ayupov — Fanlar akademiyasi V.I.Romanovskiy nomidagi Matematika instituti direktori;
Elmira Bositxonova — Bosh vazir o‘rinbosari — O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi;
Qudratulla Rafiqov — O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi raisi;
Mirakbar Rahmonqulov — Prezident huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktorining birinchi o‘rinbosari;
Sirojiddin Sayyid — O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi;
Baxtiyor Sayfullayev — Madaniyat vaziri — O‘zbekiston davlat konservatoriyasi rektori;
Quvondiq Sanaqulov — Navoiy kon-metallurgiya kombinati bosh direktori;
Sodiq Safoyev — Senat raisining birinchi o‘rinbosari;
Alisher Sa’dullayev — Prezidentning yoshlar, fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat va sport masalalari bo‘yicha maslahatchisining birinchi o‘rinbosari;
Sodiqjon Turdiyev — O‘zbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg‘armasi boshqaruvi raisi;
Minhojiddin Hojimatov — Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari;
Tursinxon Xudoybergenov — Prezident maslahatchisi;
Behzod Yo‘ldoshev — O‘zbekiston Fanlar akademiyasi prezidenti.
Senatning avvalgi tarkibida bo‘lgan tayinlangan senatorlardan faqat Elmira Bositxonova, Mirakbar Rahmonqulov, Quvondiq Sanaqulov va Sodiq Safoyev qayta tayinlangan. Avvalgi tarkibda tayinlanganlar qatorida bo‘lgan Samarqand viloyat xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Gavhar Alimova va Senat raisi Tanzila Norboyeva bu safar mos ravishda Samarqand viloyati va Toshkent shahar kengashlaridan parlament yuqori palatasiga saylandi.
Avvalgi tarkibda Senatning Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi bo‘lgan Iqbol Mirzo 2019 yilgi parlament saylovlarida Qonunchilik palatasiga saylandi. 17 yanvar holatiga ko‘ra, Aysenam Alliyarova, Mahamadjon Zufarov, Rustam Inoyatov, Xolidjon Komilov, Qahramon Quronboyev, Valeriy Tyan va Aleksandr Farmonovning parlamentdagi faoliyati tugadi.
LiveBarchasi