Poytaxtdan boshqa shaharda ham prezident ofisi tashkil etiladi

Olam

image

Janubiy Koreya hukumati 2029 yil avgustga qadar Sejon shahrida prezidentlik ofisini tashkil etish va Seul atrofidagi hududdan 350 ga yaqin davlat muassasasini ko‘chirish rejasini e’lon qildi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.

Qayd etilishicha, hukumat rejasiga ko‘ra, davlat muassasalarini ko‘chirish ishlari 2027 yildan boshlanadi. Shuningdek, Sejonda Milliy assambleyaning qo‘shimcha binosini 2033 yilga qadar qurib bitkazish rejalashtirilgan.

Bosh vazir Xan Son Sukning aytishicha, mazkur chora-tadbirlar aholi, kapital, biznes va infratuzilmaning poytaxt hududida haddan tashqari jamlanib qolishiga qarshi qaratilgan keng qamrovli strategiyaning bir qismi hisoblanadi. Hukumat mamlakatning boshqa hududlarida aholi sonining kamayishi va demografik tanazzulni jilovlashni ham maqsad qilgan.

Ma’lum qilinishicha, hukumat markaziy ma’muriy idoralarni Sejonga ko‘chirishni 2027 yilning birinchi yarmida boshlaydi. Bunda hajmi katta yoki ko‘chirilishi eng katta ta’sir ko‘rsatadigan muassasalarga ustuvorlik beriladi.

Shu bilan birga, Sejonni rivojlantirishga oid qonunchilikka o‘zgartish kiritish rejalashtirilmoqda. Bu orqali hozirgacha ko‘chirish jarayonidan istisno qilingan vazirliklarni, jumladan Adliya vazirligi va Gender tenglik vazirligini ham Sejonga ko‘chirish imkoni paydo bo‘ladi.

Prokuratura xizmati va Milliy politsiya agentligi yangi bosh qarorgohlari qurib bitkazilganidan keyin Sejonga ko‘chiriladi. Bu davlat muassasalarini poytaxt hududidan mamlakatning boshqa qismlariga qayta taqsimlash bo‘yicha ikkinchi yirik bosqich bo‘ladi. 2012–2021 yillarda 43 ta markaziy davlat muassasasi Seuldan Sejonga ko‘chirilgan.

Hukumat shuningdek, 109 ta davlat muassasasini qisqartirish yoki qayta tashkil etishni rejalashtirmoqda. Bunda vazifalari bir-birini takrorlaydigan tashkilotlarni birlashtirish va kichik muassasalarni yirik tuzilmalarga qo‘shish ko‘zda tutilgan.

Jumladan, mamlakatdagi beshta davlat elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi kompaniya va to‘rtta port ma’muriyatini birlashtirish rejalashtirilgan.

Ma’lumot uchun, Sejon shahri 2012 yilda Seuldagi tirbandlik va aholi hamda davlat idoralarining haddan tashqari markazlashuvini kamaytirish maqsadida tashkil etilgan. Hozirda shaharda ko‘plab vazirlik va davlat muassasalari joylashgan, biroq prezidentlik ofisi poytaxtda qolib kelgan.

Yangi reja amalga oshirilsa, Sejon Janubiy Koreyaning ma’muriy va davlat boshqaruvidagi asosiy markazlaridan biriga aylanadi. Hukumat bu orqali mamlakatdagi poytaxt markazlashuvini kamaytirish va hududlar o‘rtasidagi rivojlanish nomutanosibligini bartaraf etishni ko‘zlamoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Janubiy Koreya hukumati 14 yoshgacha bo‘lgan bolalarning ijtimoiy tarmoqlarda akkaunt ochishini cheklash masalasini ko‘rib chiqayotgani xabar qilingandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing