Poytaxtda yuk avtomobillarining harakati vaqtincha cheklanadi (video)
Jamiyat
−
03 aprel
4046Ertaga, 4 aprel kunidan 9 aprelga qadar Toshkent shahrida Parlamentlararo ittifoqining 150-yubiley assambleyasi tadbirlari o‘tkazilishi sababli yuk transport vositalarining harakati vaqtincha cheklanadi. Bu haqda poytaxt Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, shu vaqt ichida poytaxtning markaziy ko‘chalarida yuk transport vositalarining harakati to‘liq cheklanishi sababli qurilish ob’ektlarida og‘ir va yengil vaznli barcha toifadagi yuk tashuvchi transport haydovchilari faqat Toshkent halqa avtomobil yo‘lidan harakatlanishi mumkin. Haydovchilarga o‘z yo‘llarini oldindan rejalashtirish tavsiya qilinadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahrida Markaziy Osiyo tarixida ilk marotaba Parlamentlararo ittifoqning 150-yubileyi bo‘lib o‘tishi xabar qilingandi. Ushbu anjuman “Tashkent City” hududidagi Kongress-xoll majmuasida o‘tkaziladi. Unda dunyoning 180 ta mamlakati, 15 ta kuzatuvchi davlat hamda 25 dan ortiq xalqaro va parlamentlararo tashkilotdan 2 mingga yaqin delegatlar ishtirok etishi kutilmoqda. Yig‘ilishning asosiy mavzusi “Ijtimoiy rivojlanish va adolat uchun parlament harakati” bo‘lib, unda kambag‘allikni bartaraf etish, munosib mehnat sharoitlarini yaratish, ijtimoiy inklyuziyani qo‘llab-quvvatlash va qaror qabul qilish jarayonida kamsitilgan guruhlar ishtirokini oshirish kabi masalalar muhokama qilinadi.
LiveBarchasi
Trenddagilar




