“Poytaxt “sariq” ro‘yxatda qoladimi?” – hokimlik munosabat bildirdi

Jamiyat

image

Bugun, 11 may kuni saytimiz orqali “Toshkentda koronavirusga chalingan 60 dan ortiq bemor aniqlandi. Poytaxt “sariq” ro‘yxatda qoladimi?” sarlavhasi ostida maqola e’lon qilingan edi. Materialda Respublika bo‘ylab bir kunda COVID-19 infeksiyasini yuqtirib olgan 69 nafar bemor aniqlangani, bemorlardan 61 nafari viloyat va shaharlar kesimi bo‘yicha poytaxt Toshkentga to‘g‘ri kelayotgani haqida so‘z boradi.

Ushbu ma’lumot yuzasidan Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati o‘z munosabatini bildirdi. 

Ta’kidlanishicha, bu bemorlar Toshkent shahri va viloyati kesimida aniqlanmoqda hamda bu kasallanganlar karantinga olingan hududda hamda joriy yilning 10 may kuni maxsus charter reys bilan O‘zbekistonga chet eldan olib kelingan vatandoshlar orasidan aniqlangan.

Ma’lumotda keltirilishicha, Respublika maxsus komissiyasi har kuni bemorlar va karantinga olingan aholi holati va salomatligini nazorat hamda tahlil qilib bormoqda. Ushbu tahlillar natijasida hududlarning karantin toifalarini  belgilash haqida xulosa chiqariladi va jamoatchilikka e’lon qilinadi.

Ma’lumot o‘rnida, Respublika maxsus komissiyasining 2020 yil 8 maydagi yig‘ilishi bayoniga muvofiq, Respublikada koronavirus infeksiyasi tarqalish holatining hududlar kesimidagi tahlili, kasallik aniqlangan bemorlarning davolanish (sog‘ayish) dinamikasi holatidan kelib chiqqan holda respublika hududlari joriy yilning 11 mayidan e’tiboran tuman va shaharlar darajasida toifalarga ajratildi.

“Sariq” va “Qizil” toifadagi viloyatlarda koronavirus infeksiyasi umuman aniqlanmagan tumanlar (shaharlar) “Yashil” toifaga kiritiladi;

“Yashil” yoki “Sariq” toifadagi viloyatning biror-bir tumanida (shahrida) koronavirus infeksiyasi aniqlanadigan bo‘lsa, butun viloyatning toifasini o‘zgartirmagan holda tegishli tumanning (shaharning) o‘zi “Qizil” toifaga o‘tkaziladi.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, poytaxt Toshkent “sariq” toifaga kiritilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Koronavirus O'zbekistonda

Baholaganlar

478

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing