Poytaxt hokimligi tilga kirdi. Kosmonavtlar maydoni nega o‘zboshimchalik bilan ta’mirlanayotganiga izoh berilmayapti
Jamiyat
−
15 fevral 2022
7582Avvalroq, ijtimoiy tarmoqlarda Toshkentdagi Kosmonavtlar maydoni Vladimir Jonibekov haykali oldidagi granit plitalar buzib tashlanayotgani haqida e’tirozli xabarlar tarqalgani, qurilish Toshkent shahar madaniy meros boshqarmasi tomonining ruxsatisiz boshlangani, shu bois “MIMAR GROUP” MCHJga ogohlantirish xati berilgani va jarayon to‘xtatilgani haqida xabar bergan edik.
Toshkent shahar madaniy meros boshqarmasi xulosasiz o‘zboshchimchalik bilan amalga oshirilayotgan buzish ishlari xususida Toshkent shahar hokimligi Matbuot xizmati rasmiy bayonot berdi.
“Kosmonavtlar maydonida Vladimir Jonibekov haykali atrofidagi granit plitalar hozirgi kunda yaroqsiz ahvolga kelib qolgan. Shuningdek, yo‘laklar ham ta’mirga muhtoj bo‘lib, yog‘ingarchilik paytlarida maydonda yomg‘ir suvlari yig‘ilib, yo‘lovchilarga noqulaylik tug‘dirayotgan edi.
Shu sababli malakali mutaxassislardan iborat ishchi guruh maydondagi yodgorliklarni saqlagan holda rekonstruksiya qilish loyihasini ishlab chiqdi.
Ta’mirlash jarayonida bog‘ zamonaviy shaharsozlik talablari asosida yangilanadi, yo‘laklar tartibga keltiriladi va keng ko‘lamli obodonlashtirish hamda ko‘kalamzorlashtirish ishlari olib boriladi.
Ta’mirlash jarayonida, bu yerdan qatnovchi aholiga va sayr qiluvchilarga uchun noqulayliklar bo‘lishi mumkin va ular uchun uzr so‘raymiz”, deyiladi poytaxt hokimligi xabarda.
Shuningdek, hokimlik Kosmonavtlar maydonining kelgusidagi holati aks etgan suratlarni ham ilova qilgan.
Ahamiyatlisi shundaki, bugun shov-shuv va tanqidlar, e’tirozlar ortidan tilga kirgan Toshkent shahar hokimligi ta’mirlash ishlari boshlanmasidan avval axborot bermagan va jamoatchilik fikrini o‘rganmagan.
Ijtimoiy tarmoqlarda Kosmonavtlar maydonida Vladimir Jonibekov haykali joylashgan maydon qayta ta’mirlanayotgani e’tirozlarni keltirib chiqarmoqda. Jamoatchilik Toshkentda muammolar va obodonlashtirilishi kerak bo‘lgan joylar qolmagandek, hokimlik doim byudjet mablag‘larini markaziy ko‘chalarni qayta va qayta ta’mirlashga sarflashi tanqid qilinmoqda.
Ma’lumot o‘rnida, Toshkent shahar Yakkasaroy tumani Kosmonavtlar prospektida joylashgan Vladimir Jonibekov byusti (Koinot yodgorligi) O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirining 2019 yil 28 iyundagi 411-sonli buyrug‘iga asosan moddiy-madaniy meros ob’ektlari davlat kadastriga kiritilgan va davlat muhofazasiga olingan.
LiveBarchasi