Sergelidagi portlash oqibatlarini bartaraf etishga Milliy gvardiya jalb etildi (video)
3-sahifa
−
28 Sentabr 2023
30771Bugun, 28 sentyabr kuni Toshkent shahri Sergeli tumanidagi "Quruvchilar" dahasida "Inter Logistics" MCHJga qarashli omborxonada sodir bo‘lgan portlash oqibatlarini bartaraf etishga Milliy gvardiya otryadlari jalb etildi. Portlash oqibatida jarohatlanganlarga tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda. Bu haqda poytaxt hokimligi bayonot berdi.
Hokimlik aholidan o‘zini ehtiyot qilishini so‘ramoqda.
Ma’lum qilinishicha, hozirda vaziyat to‘liq nazoratga olingan. Yong‘in soat 05:02 da qurshab olingan. Tezkor harakatlar natijasida yong‘in maydoni qisqartirilib borilmoqda.
“Voqea joyida dastlabki daqiqalardan boshlab FVV rahbariyati hamda kuch va vositalari, shuningdek, Toshkent shahar hokimligi, Sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasi, Ichki ishlar organlari va boshqa tegishli tashkilotlar mutasaddilari hodisa joyida ish olib bormoqda”, deyiladi hokimlik xabarida.
Ayni paytda mas’ullar tomonidan yong‘in kelib chiqish sababini aniqlash choralari ko‘rilmoqda.
“Aziz hamshaharlar, aniq va ishonchli ma’lumotlarni faqat ishonchli manbalardan olishingizni va o‘zingizni ehtiyot qilishingizni so‘raymiz”, deya qo‘shimcha qilgan shahar hokimligi matbuot xizmati.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahri Sergeli tumanidagi "Quruvchilar" dahasida "Inter Logistics" MCHJga qarashli omborxonada kuchli portlash sodir bo‘lgani haqida xabar berilgan edi. Portlashdan so‘ng hududda katta yong‘in yuzaga kelgan.
LiveBarchasi