Alp tog‘larida o‘ta boy odamlar uchun omborxonalar qurilmoqda

Olam

image

Shveysariya Alp tog‘laridagi Lyungern yaqinida joylashgan Bryunig tog‘ massivida o‘ta boy odamlarning qimmatbaho buyumlarini saqlashga mo‘ljallangan yerosti kompleksi qurilishining dastlabki bosqichi yakunlandi. Bu haqda “Bild” xabar berdi.

Qayd etilishicha, loyiha tadbirkor Tomas Gasserga tegishli Brünig Mega Safe AG kompaniyasi tomonidan amalga oshirilmoqda. Kompaniya direktorlar kengashi vakili Gugo Shittenxelmning ma’lum qilishicha, yuqori xavfsizlik zonasining dastlabki bosqichi yakunlangan, yanvar oyida esa omborxonalar kirish qismini barpo etish boshlanadi. Qurilish 2026 yilning yanvar oyida boshlangan bo‘lib, birinchi omborxonalarni 2028 yilda foydalanishga topshirish rejalashtirilmoqda. 

Omborxonalar tog‘ ichkarisida, 100 metrdan ortiq chuqurlikda joylashgan. Jami 20 tadan 25 tagacha alohida kameralar qurish rejalashtirilgan bo‘lib, ularda mijozlar oltin, pul, san’at asarlari va avtomobillarni saqlashlari mumkin bo‘ladi. Faqat giyohvandlik moddalari va portlovchi moddalarni joylashtirish taqiqlanadi.

Bitta omborxonaning 99 yilga ijara narxi bir million yevrogachani tashkil etadi, foydalanish huquqi esa yer kadastrida ro‘yxatdan o‘tkaziladi. Kompaniyaning bildirishicha, ob’ektning himoya darajasi Shveysariya Milliy banki xavfsizligi bilan tenglashtiriladi, omborxonalarga kirish esa ketma-ket bir nechta tekshiruvlar orqali amalga oshiriladi. Gasserning so‘zlariga ko‘ra, tashrif buyuruvchilar avtomobildan tushib, qo‘shimcha nazoratdan o‘tishlariga to‘g‘ri keladi.

Sobiq harbiy tonnellar va tog‘ massivlaridan tijorat maqsadlarida foydalanish Shveysariyada keng tarqalgan amaliyot hisoblanadi. U yerda tog‘li hududlar ko‘pincha jamoalar, korporatsiyalar yoki kompaniyalarning xususiy mulkida bo‘ladi. Avvallari bunday tonnellardan sir ishlab chiqarish korxonalari, qo‘ziqorin fermalari, tirlar (otishma maydonlari) va data-markazlar sifatida foydalanilgan. 


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing