Poraxo‘rlikda ayblanib, urushga ketgan sobiq mer halok bo‘ldi

Olam

image

Belgorodning sobiq meri va Belgorod viloyati gubernatorining sobiq o‘rinbosari Konstantin Polejayev Ukrainadagi urushda halok bo‘ldi. Bu haqda sobiq mulozimning yaqinlariga tayanib, “Kommersant’” xabar berdi.

Qayd etilishicha, mulozimning yaqinlari 54 yoshli Polejayevning halok bo‘lgan joyi va holatlariga aniqlik kiritmagan. Rasmiy ravishda hokimiyat organlari bu ma’lumotni hozircha tasdiqlagani yo‘q. Polejayev 2015 yildan 2019 yilgacha Belgorod meri bo‘lib ishlagan, so‘ngra Belgorod viloyati gubernatorining uy-joy kommunal xo‘jaligi (UJX) masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimini egallagan. Xususan, u Ukraina tomonidan uyushtirilgan otishmalardan so‘ng Shebekino va Novaya Tavoljankani qayta tiklash uchun mas’ul bo‘lgan. 

2023 yilning iyul oyida gubernator Vyacheslav Gladkov ushbu aholi punktlarida ishlar sifatsiz bajarilgani sababli Polejayevni lavozimidan ozod etgan. Iste’fodan ko‘p o‘tmay, sobiq mulozim pora olish ishi bo‘yicha qo‘lga olingan. Sud Polejayev davlat shartnomalarini tuzish va ishlarni qabul qilishda homiylik qilish evaziga qurilish kompaniyasi rahbaridan 17 mln rubl qiymatidagi lyuks avtomobillarni olganini aniqlagan. 2024 yilning avgust oyida sobiq mulozim 5 yilga qattiq tartibli koloniyaga va 36 mln rubl jarimaga hukm qilingan, biroq hukm chiqarilishidan bir necha kun oldin u Mudofaa vazirligi bilan shartnoma imzolagan hamda suddagi so‘nggi so‘zida urushda “jonini fido qilishga tayyor” ekanini ma’lum qilgan.

2024 yilning oktyabr oyida Belgorod viloyat sudi harbiy qism komandirining iltimosnomasiga ko‘ra ish bo‘yicha yurituvni to‘xtatib turgan va Polejayevni xizmat o‘tash davrida hibsdan ozod qilgan. Uning Ukrainaga urushga ketgani ta’kidlangan. Biroq Belgorodning “Pepel” nashri sobiq mulozim frontga jo‘nab ketmaganini, balki “BARS” safarbarlik rezervi otryadiga yozilganini yozgan. Shu bilan birga, “Pepel” manbalarining ma’lumotlariga ko‘ra, Polejayev faqat nominal (nomiga) xizmat qilgan – amalda u vaqtini uyida oilasi bilan o‘tkazgan, shuningdek, Belgorod shifoxonasiga qatnab turgan.

2025 yilda BBC tergov hibsxonalari va koloniyalardan 102 nafar sobiq mulozim, parlament a’zolari va kuch tuzilmalari xodimlari urushga ketishga muvaffaq bo‘lganini hisoblagan. Ularning aksariyati – 79 kishi korrupsiyada, yana 16 kishi zo‘ravonlik jinoyatlarida ayblangan. O‘sha paytda jinoyat ishi figurantlaridan 17 nafari halok bo‘lgan yoki bedarak yo‘qolgan, qolganlari esa urushni davom ettirayotgan bo‘lgan. O‘z navbatida, “Novaya gazeta. Yevropa” frontga jo‘nab ketgan hokimiyat vakillarining mutlaq ko‘pchiligi “VIP-qismlar”da panada o‘tirib, eson-omon uyga qaytgani haqida yozgan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing