Politico: Baydenning inauguratsiyasi kuni Trampga nisbatan impichment ko‘rib chiqilishi mumkin

Olam

image

AQSH Senati saylangan Prezident Jo Baydenning inauguratsiyasidan bir soat o‘tgach, amaldagi Prezident Donald Trampga qarshi impichment ayblovlarini ko‘rib chiqishni boshlashi mumkin. Bu haqda "Politico" xabar bergan. 

Inauguratsiya marosimi joriy yil 20 yanvar kuni bo‘lib o‘tadi. An’anaga ko‘ra, u tushda o‘tkaziladi. 

Manbaning yozishicha, senatorlar Trampga qarshi ayblovlarni 20 yanvar kuni mahalliy vaqt bilan soat 13:00da (Toshkent vaqti bilan 23:00) ko‘rib chiqishni boshlashlari mumkin. 

Buning uchun AQSH Senatining barcha yuz nafar a’zosining roziligi talab qilinadi. Shuningdek, barcha senatorlar bir vaqtning o‘zida Jo Baydenning kadrlar tayinlanishi va qonunchilik tashabbuslarini ko‘rib chiqishga rozilik bildirishlari kerak va bu jarayonni murakkablashtirishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, 6 yanvar kuni AQSHning amaldagi Prezidenti Donald Trampning tarafdorlari mamlakat poytaxti Vashingtondagi Kapitoliy oldida namoyish uyushtirib, Kongress binosiga bostirib kirgan edi. Kapitoliyga hujum fonida Trampga ikkinchi impichment e’lon qilindi. Shundan so‘ng bir qator messenjerlar ham Trampning akkauntlarini blokladi.

O‘sha kuni bu voqealardan avvalroq Tramp Vashingtonda tarafdorlari bilan uchrashib, unda to‘planganlarni Kapitoliyga kelib, qonun chiqaruvchilarni “o‘g‘irlangan saylovlar” bo‘yicha o‘z noroziliklarini bildirishga chaqirgan. 

Tramp vakillar palatasi ikki marta impichment e’lon qilgan AQSH tarixidagi birinchi Prezident bo‘ldi. Amaldagi Prezidentga 2019 yil dekabrida birinchi marta impichment e’lon qilingandi. O‘shanda kongressmenlar Trampni hokimiyatni suiiste’mol qilish va kongress o‘tkazgan tergovga to‘sqinlik qilishda ayblashgan. Biroq Senat Trampni oqlagandi.


Maqola muallifi

Teglar

Tramp Bayden

Baholaganlar

22

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing