Polsha TIV Ukrainaga NATO qo‘shinlarini yuborish g‘oyasini ma’qulladi

Olam

image

Polsha Tashqi ishlar vaziri Radoslav Sikorski Fransiya Prezidenti Emmanuel Makronning NATO qo‘shinlarini Ukrainaga yuborish ehtimoli haqidagi bayonotini ma’qulladi. Bu haqda kecha, 8 mart kuni Polsha TIVning X'dagi sahifasida bayonot e’lon qilindi.

“Ukrainada NATO qo‘shinlarining mavjudligi aqlga sig‘maydigan narsa emas. Gap Putinni qo‘rqitish haqida ketmoqda, Putindan qo‘rqish haqida emas”, deyiladi bayonotda.

Polsha TIV rahbarining pozitsiyasi mamlakat Bosh vaziri Donald Tusknikidan farq qiladi. U bir necha kun oldin Varshava o‘z qo‘shinlarini Ukrainaga yuborish imkoniyatini ko‘rib chiqmayotganini aytgandi.

Ma’lumot uchun, Fransiya rahbarining jarangdor so‘zlari 26 fevral kuni Ukrainani qo‘llab-quvvatlash anjumanida yangragan. 

"Bugungi kunda quruqlikdagi qo‘shinlarni rasman yuborish masalasida konsensus yo‘q, ammo dinamik rivojlanishda hech narsani inkor etib bo‘lmaydi", degan Makron.

Fransiya Prezidentining nutqidan so‘ng, Ukrainaga qo‘shin yuborish g‘oyasi ko‘plab G‘arb davlatlari, jumladan Germaniya, Bolgariya, Buyuk Britaniya, Vengriya, Ispaniya, Italiya va Chexiya tomonidan rad etildi. NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg alyansning Ukrainaga qo‘shin yuborish rejasi yo‘qligini ta’kidladi.

Germaniya Mudofaa vaziri Boris Pistorius bu boradagi bahs-munozaralarni to‘xtatishga chaqirgan bo‘lsa, uning finlyandiyalik mavqedoshi Antti Xyakkyanen Kiyevni qurol-yarog‘, o‘q-dori va pul bilan ta’minlashga e’tibor qaratish zarurligini ta’kidladi. Shu bilan birga, Litva va Latviya Fransiya Prezidenti pozitsiyasini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.


Maqola muallifi

Teglar

Frantsiya Ukraina Pol'sha Emmanuel' Makron Radoslav Sikorski

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing