Polsha fuqarolarini darhol Belarusni tark etishga chaqirdi
Olam
−
26 Sentabr 4016 2 daqiqa
Polsha fuqarolari Belarusni zudlik bilan tark etishi, shuningdek, respublika hududiga sayohatdan tiyilishi kerak. Bu haqda mamlakatning Minskdagi elchixonasi xabar berdi.
“Elchixona yana bir bor ma’lum qiladi, vaziyatning keskinlashuvi, mintaqadagi urushning davom etishi va Polsha fuqarolarining bir necha bor asossiz hibsga olinishi munosabati bilan Tashqi ishlar vazirligi Belarus Respublikasiga istalgan sayohatdan voz kechishni tavsiya qiladi. Tashqi ishlar vazirligi Belarus Respublikasida qolayotgan Polsha fuqarolarini tijorat yoki shaxsiy mavjud transport vositalaridan foydalanib, darhol mamlakat hududini tark etishga chaqiradi”, deyiladi bayonotda.
Elchixonaning tushuntirishicha, agar xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat keskin yomonlashsa yoki chegaralar yopilsa, Polsha fuqarolarini Belarus hududidan evakuatsiya qilish juda murakkab yoki hatto imkonsiz bo‘lishi mumkin.
Polsha va Belarus o‘rtasidagi chegara punktlarida harakat kecha, 25 sentyabrdan boshlab qayta tiklangan. Hozirda Polsha bilan yo‘lovchi qatnovi uchun faqat Terespol-Brest punkti ishlamoqda. Yuk tashish esa “Koroshchin (Kukuriki) – Kozlovichi” punkti orqali amalga oshirilmoqda.
Mamlakatlar o‘rtasidagi chegara ochilganidan so‘ng, 25 sentyabr tonggi holatga ko‘ra, Belarusdan Polshaga chiqishni kutayotgan qariyb 4 ming transport vositasi, jumladan, yengil va yuk avtomobillari, shuningdek, yo‘lovchi avtobuslari yig‘ilib qolgani ma’lum qilindi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 12 sentyabr kuni Polsha Belarus bilan chegara yopilishini e’lon qilgan edi. Rasmiy Varshava buni Rossiya-Belarusning “Zapad-2025” harbiy mashg‘ulotlari boshlanishi bilan izohlagan.
Live
Barchasi