Polsha fuqarolarini darhol Belarusni tark etishga chaqirdi
Olam
−
06 Sentabr 6259 2 daqiqa
Polsha hukumati barcha fuqarolariga darhol Belarusni tark etishni va u yerga sayohat qilmaslikni tavsiya qildi. Bu haqda kecha, 5 sentyabr kuni Polsha Tashqi ishlar vazirligining matbuot kotibi Pavel Vronskiy brifing arafasida ma’lum qildi.
Dastlab, Vronskiy Belarus hukumati tomonidan qo‘lga olingan Polsha fuqarosi haqidagi vaziyatni izohlagan. Ushbu fuqaro “G‘arb-2025” Rossiya-Belarus qo‘shma harbiy mashg‘ulotlari paytida josuslikda ayblanib qo‘lga olingan.
“Bizning Tashqi ishlar vazirligimiz Belarus hududiga sayohat qilishni qat’iyan tavsiya etmaydi. Polsha fuqarolari u yerda o‘zlari uchun noqulay bo‘lgan voqealarga duch kelishi ehtimoldan xoli emas. Bu demokratik davlat emas, shuningdek, Polsha Respublikasiga do‘stona mamlakat ham emas”, degan Vronskiy.
Qayd etish joiz, 4 sentyabr kuni “Belarus 1” telekanali mamlakatda Polsha fuqarosi, 27 yoshli Gjegoj Gavel qo‘lga olingani haqida xabar berdi. U Belarus-Rossiya qo‘shma harbiy mashg‘ulotlari “G‘arb-2025”ga oid maxfiy ma’lumotlarni olishda gumon qilingan. Uning yonidan maxfiy tamg‘a qo‘yilgan hujjatlarning nusxalari topilgan. Tergovchilarga ko‘ra, u bu hujjatlarni Belarus fuqarosidan muntazam pul to‘lovi evaziga olib, keyinchalik Polsha maxsus xizmatlariga yetkazgan.
Unga nisbatan Belarus Jinoyat kodeksining 358-moddasi (josuslik) bo‘yicha ish qo‘zg‘atilgan. Agar aybi isbotlansa, unga 15 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanishi mumkin.
Voqea ortidan Polsha Bosh vaziri Donald Tusk Minskning “provokatsiyalari” davom etsa, Belarusga nisbatan javob choralarini ko‘rishini ma’lum qilgan. Belarus Tashqi ishlar vazirligi esa Polshaga rasmiy norozilik bildirgan.
Ma’lumot uchun, Rossiya va Belarusning “G‘arb-2025” qo‘shma strategik mashg‘ulotlari 2025 yilning 12–16 sentyabr kunlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Belarus Mudofaa vaziri Viktor Xrenin mamlakat Polshaning katta harbiy guruh tuzish istagidan tashvishga tushganini bildirgandi. Unga ko‘ra, NATO “G‘arb-2025” qo‘shma mashg‘ulotlarini bahona qilib, o‘z o‘quv mashqlarini o‘tkazishga harakat qilmoqda.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr