Polsha Belarus bilan chegarani qo‘riqlash uchun yana 2 ming askar yuboradi
Olam
−
09 avgust 2023
2810Polsha Milliy mudofaa vazirligi Belarus bilan chegaraga qo‘shimcha 2000 askar yuboradi. Bu haqda mamlakat Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Macheya Vonsikaga tayanib, “Reuters” xabar berdi.
“Mingtalik emas, ikki ming askar uchun istehkom qilinadi. Xavfsizlik qo‘mitasida shunday qaror qabul qilindi”, degan Vonsika.
Uning qo‘shimcha qilshicha, askarlar ikki hafta ichida chegarada bo‘ladi.
Qayd etilishicha, Belarus bilan chegarani himoya qilishni kuchaytirishning asosiy sababi 2021 yilning kuzidan beri davom etayotgan migratsiya inqirozining yangi bosqichidir. Chegara qo‘shinlari Polsha hududiga kirishga urinayotgan noqonuniy muhojirlar sonining ko‘paygani, shuningdek, ularning tajovuzkor harakatlari (chegarachilarga tosh, shisha va tayoq uloqtirgani)ni qayd etgan.
Polsha rasmiylariga ko‘ra, chegaradagi inqiroz Belarus va Rossiya tomonidan NATOning sharqiy qanotidagi vaziyatni beqarorlashtirish maqsadida qo‘zg‘atilgan. Moskva va Minsk bu ayblovlarni bir necha bor rad etgan.
Ma’lumot uchun, hozirda Polsha-Belarus chegarasida 2000 nafar harbiy xizmat qilmoqda. Polsha Belorus hududida “Vagner” paydo bo‘lganidan, shuningdek, Belarusning ikki harbiy vertolyoti tomonidan Polsha havo chegarasi buzilganidan keyin chegarada o‘zining harbiy ishtirokini yanada kuchaytirishga qaror qilgan.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 8 avgust kuni Polsha Belarus bilan chegaraga qo‘shimcha ming nafar askar joylashtirmoqchi ekani xabar qilingandi. Oldinroq Polsha Belarus va Rossiya bilan chegarada sapyorlar bataloni tashkil etishini ma’lum qilgandi. Shuningdek, Polsha "Vagner" yollanma jangchilari va Belarusdagi Rossiya askarlarining faolligi fonida yaqin kelajakda muntazam armiyasini deyarli ikki baravar oshirish niyatida ekani aytildi. AQSH esa Polshani “Vagner”dan himoya qilishga va’da berdi..
LiveBarchasi