Polsha barcha MiG-29 qiruvchi samolyotlarini Ukrainaga berdi – Anjey Duda

Olam

image

Polsha Prezidenti Anjey Duda mamlakat o‘zida bor hamma MiG-29 qiruvchi samolyotlarini Ukrainaga berganini ma’lum qildi. Bu haqda TASS xabar berdi

Qayd etilishicha, Polsha yetakchisi Anjey Duda Islandiya poytaxti Reykyavikda Yevropa Kengashining inson huquqlari va xavfsizlik muammolari, jumladan, Rossiyaning Ukrainaga bosqiniga bag‘ishlangan ikki kunlik sammitida bo‘lib turibdi. Davlat rahbari sammitda Polsha o‘zida mavjud bo‘lgan deyarli barcha MiG-29 qiruvchi samolyotlarini Ukrainaga berganini, ammo hozircha F-16 samolyotlarini berishga tayyor emasligini ma’lum qildi. 

“Biz Ukraina mojaro boshlanganidan beri so‘ragan deyarli barcha MiG-29 samolyotlarini topshirdik”, deydi u. 

Shuningdek, Duda Polsha Ukrainaga milliardlab yevrolik yordam berganini va Ukrainani qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha dastlabki uch mamlakatdan biri ekanini ta’kidlagan. Prezident nutqi davomida Polshada F-16 samolyotlari ko‘p emasligiga ham ishora qilgan. 

“Bizda mavjud bo‘lgan F-16 samolyotlari soni bugungi kunda ularning biror bir qismini Ukrainaga o‘tkazish haqida gapirishga imkon bermaydi”, degan Anjey Duda.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili Polsha uzoq vaqt Ukrainaga qiruvchi samolyotlarni yuborishga rozi bo‘lmadi. Anjey Duda o‘shanda samolyotlarning Ukrainaga o‘tkazilishi NATOning mojaroga to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘shilishini anglatishini aytgan. Shu yilning mart oyidagina mamlakat Ukrainaga samolyot berishga rozi bo‘lgan. Polshada shu vaqtda 28 ta MiG-29 borligi aytilgan. Polshadan so‘ng Slovakiya ham 13 ta qiruvchisini Ukrainaga o‘tkazishga roziligini bildirgan.


Maqola muallifi

Teglar

Ukraina Pol'sha MiG-29

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing