Pokistonga javob. Hindiston ham yangi qurollar ishlab chiqmoqchi
Olam
−
15 avgust 2025 4525 2 daqiqa
Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi mamlakat 2035 yilga kelib “Sudarsan Chakra” (zamonaviy texnologik qalqon) nomli ilg‘or qurol tizimini ishlab chiqishini ma’lum qildi. Bu haqda u bugun, 15 avgust kuni mamlakat mustaqillik kuni munosabati bilan xalqqa qilgan murojaatida so‘z ochdi.
Bu tizim shaharlar va strategik ob’ektlarni himoya qilishga mo‘ljallangan bo‘lib, ilg‘or kuzatuv, hujumni to‘xtatish va qarshi zarba berish imkoniyatlarini birlashtiradi. Bu esa havodan, quruqlikdan va dengizdan keladigan tahdidlarni bartaraf etishga imkon beradi.
“U nafaqat terrorchilik hujumlariga qarshi turadi, balki javob zarbasi ham beradi”, degan Modi.
O‘z nutqida Bosh vazir urush xarakteri o‘zgarib borayotganini va Hindiston bunga tayyor bo‘lishi kerakligini aytgan. U may oyida Hindiston Pokiston tomondan uyushtirilgan raketa va uchuvchisiz uchish apparatlari hujumlarini qaytargan “Sindur” operatsiyasini eslatib o‘tgan.
Modi “Sudarsan Chakra” haqida batafsil ma’lumot bermagan. Nashr mutaxassislarning fikriga tayanib, ushbu tizim Isroil armiyasi 2011 yildan buyon jangovar navbatchilikda ishlatayotgan “Temir gumbaz”ga o‘xshash bo‘lishini yozgan. “Temir gumbaz” 155 millimetrli kalibrdagi qisqa masofali boshqarilmaydigan raketalar, minomyot snaryadlari va artilleriya o‘qlarini yo‘q qilishga mo‘ljallangan. AQSH o‘zining “Oltin gumbaz” nomli raketaga qarshi mudofaa tizimini yaratishda “Temir gumbaz”dan ilhomlangan edi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharif mamlakat Qurolli kuchlari tarkibida yangi raketa qo‘shinlari tuzilishi haqida aytgandi. Sharifning aytishicha, bu qo‘shinlar zamonaviy texnika bilan jihozlanadi va ular Pokiston armiyasi jangovar salohiyatini mustahkamlash yo‘lidagi yangi bosqich bo‘ladi. Xavfsizlik xizmatidagi yuqori martabali mansabdorning so‘zlariga ko‘ra, bu qo‘shinlarning o‘z qo‘mondonligi bo‘ladi. U raketalar aniq ravishda Hindistonga mo‘ljallanganini ta’kidlagan.
Live
Barchasi