Pokiston Hindistonga qarshi raketa qo‘shini tuzmoqchi

Olam

image

Pokiston Qurolli kuchlari tarkibida raketa qo‘shinlari tuziladi. Bu haqda mamlakat Bosh vaziri Shahboz Sharif bugun, 14 avgust kuni Hindiston bilan 1999 yilning may oyidagi mojaro xotirasiga bag‘ishlangan marosimda so‘z ochdi. 

Sharifning aytishicha, bu qo‘shinlar zamonaviy texnika bilan jihozlanadi va ular Pokiston armiyasi jangovar salohiyatini mustahkamlash yo‘lidagi yangi bosqich bo‘ladi. Xavfsizlik xizmatidagi yuqori martabali mansabdorning so‘zlariga ko‘ra, bu qo‘shinlarning o‘z qo‘mondonligi bo‘ladi. U raketalar aniq ravishda Hindistonga mo‘ljallanganini ta’kidlagan.

Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi 2 avgust kuni Pokiston hujum qilgan taqdirda, Hindiston darhol javob qaytarishi haqida aytgandi. 

“Agar kelajakda Pokiston tomonidan hujum bo‘lsa, u Hindiston qurol tizimlari yordamida qat’iy javob bilan bartaraf etiladi”, deya qo‘rqitgan vazir.

Ma’lumot uchun, 1999 yilda Hindiston va Pokiston o‘rtasida Kargil mojarosi yuz berdi. Mojaro 1999 yilning may oyida Pokiston Hindiston nazoratidagi Kashmirning Kargil tumanidagi tog‘li hududlarni egallashi bilan boshlandi. Shundan so‘ng Hindiston “Vijay” operatsiyasini o‘tkazgan va iyul oyiga kelib, qattiq janglardan so‘ng hududlarni qaytarib olgan. Kargil urushi ikki davlat ham yadroviy qurolga ega bo‘lgan paytda bo‘lgani uchun xalqaro miqyosda katta xavotir uyg‘otdi. 

Hindiston va Pokiston o‘rtasidagi vaziyatning keskinlashuvi

Joriy yil 22 aprel kuni Hindistonning Kashmir hududida qurollangan shaxslar sayyohlar guruhiga o‘q uzgandi. Oqibatda 20 dan ortiq odam halok bo‘ldi. Voqea sodir bo‘lgan Pahalgam shahri mashhur sayyohlik maskani hisoblanadi. U Hindiston va Pokiston da’vo qilayotgan bahsli hududda joylashgan.

Hindiston hukumati Kashmirdagi teraktdan keyin o‘tkazilgan favqulodda yig‘ilishda Pokistonga nisbatan keng ko‘lamli diplomatik va viza blokadasi joriy etishga qaror qildi. Yig‘ilish yakunida Hindiston 1960 yilda tuzilgan Hind daryosi bo‘yicha suv bitimini to‘xtatishga qaror qildi. Bundan tashqari, Pokiston bilan yagona rasmiy quruqlikdagi chegara punkti – Attari yopildi. Pokiston fuqarolariga vizasiz kirish dasturi to‘xtatildi va ikki davlatdagi diplomatik xodimlar soni qisqartirildi.

Shundan so‘ng Pokiston hukumati Hindistonning suv oqimini to‘xtatish yoki burib yuborishga urinishi harakatini “urush harakati” sifatida baholashini bildirdi. Keyinchalik Pokiston Mudofaa vazirligi ijtimoiy tarmoqlarda Hindistonga qarshi urushga tayyorligini bildirib, bir qator bayonotlar va videolar e’lon qildi.

30 aprel kuni Pokiston Axborot vaziri ijtimoiy tarmoqdagi bayonotida Hindiston ularni 24-36 soat ichida hujum qilishni rejalashtirayotgani haqida ishonchli razvedka ma’lumotlari borligini aytdi. Hindiston bu bayonotga izoh bermadi. Shu bilan birga, OAV Pokiston Hindiston bilan chegarada 6 bor o‘t ochishni to‘xtatish rejimini buzganini xabar qildi.

7 mayga o‘tar kechasi Hindiston Pokistonga raketa zarbasi yo‘lladi. Islomobod buni urush harakati deb atab, javob zarbalari berdi. Mojaroning keskinlashuviga BMT, AQSH, Xitoy, Qirg‘iziston va Isroil munosabat bildirdi. O‘zbekiston ham Hindiston va Pokistonni vazminlikka chaqirdi.

8 may kuni ikki mamlakat harbiy-havo kuchlari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan havo jangida jami 125 ta harbiy samolyot bir soatdan ortiq vaqt davomida jang qildi va bu aviatsiya tarixidagi eng yirik va eng uzoq davom etgan havo janglaridan biri bo‘ldi. 

10 may kuni Pokiston Hindistonga qarshi “Banyan-ul-Marsus“, ya’ni “Mustahkam devor” deb nomlangan keng ko‘lamli harbiy operatsiya boshlanganini e’lon qildi. Bu operatsiya Hindiston tomonidan davom etayotgan “provokatsiyalar”ga javob sifatida ko‘rildi. Pokiston armiyasi Hindistonning bir nechta harbiy ob’ektlariga zarba bergan. Ular orasida Udxampur va Patxankot aviabazalari ham bor. Bundan tashqari, “BraMoc” rusumidagi kemaga qarshi tovush tezligiga ega raketalar ombori yo‘q qilingan.

Shu bilan birgalikda, 10 may kuni AQSH bilan muzokaralardan so‘ng, AQSH Prezidenti Donald Tramp Pokiston va Hindiston zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatishga rozi bo‘lgani haqida ma’lum qilgandi. Islomobod va Nyu-Dehli buni tasdiqladi. Hindiston Tashqi ishlar vazirligining aniqlik kiritishicha, o‘t ochishni to‘xtatish mahalliy vaqt bilan soat 17:00 da boshlangan.


Maqola muallifi

Teglar

Hindiston Pokiston raketa qo'shini

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing