Pokistondagi maktabda fojia: qurbonlar 35 kishiga yetdi, direktor qo‘lga olindi

Olam

−

image

Pokistonning Peshavor shahrida maktab tomi qulab tushishi oqibatida 34 nafar o‘quvchi va bir nafar o‘qituvchi halok bo‘ldi. Bu haqda “Geo News” xabar berdi.

Qayd etilishicha, hodisa kecha, 15 oktyabr kuni ertalab, maktabda darslar davom etayotgan vaqtda sodir bo‘lgan. Qutqaruvchilar vayronalar ostida qolganlarni olib chiqish uchun to‘rt-besh soat davomida ishlagan.

Rasmiylarning ma’lum qilishicha, vayronalar ostida qolgan barcha odamlar qutqarib olingan. Halok bo‘lgan bolalarning aksariyati 13 yoshga ham to‘lmagan. Mahalliy rasmiylarning bildirishicha, birinchi qavatdagi sinfxona ustiga ikkinchi qavatdagi sinfxona konstruksiyasi qulab tushgan.

Hodisa vaqtida har ikki xonada ham o‘quvchilar bo‘lgan. Dastlab o‘quvchilarning to‘rt nafari halok bo‘lgani haqida xabar berilgan. Keyinchalik shifoxona ma’muriyati 33 nafar marhumning jasadi olib kelinganini, yana ikki jasad boshqa shifoxonaga yetkazilganini ma’lum qilgan. Halok bo‘lganlar orasida uch nafar qiz va bir nafar ayol o‘qituvchi ham bor.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, maktab binosi qurilishida sifatsiz materiallardan foydalanilgan bo‘lishi mumkin. Politsiya xodimlaridan biri tomning konstruksiyasi bolalarning og‘irligiga bardosh bera olmaganini bildirgan. Tom qurilishida temir to‘sinlar va yog‘och taxtalardan foydalanilgani aytilmoqda.

Bildirilishicha, mazkur holat yuzasidan tergov harakatlari boshlangan. Maktab egasi Xon Muhammad qurilishda sifatsiz materiallardan foydalanish gumoni bilan qo‘lga olingan. U hodisaga bir necha kun davom etgan yomg‘ir sabab bo‘lganini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, maktab binosi taxminan bir yarim yil avval qurilgan. Maktab egasi hodisa sodir bo‘lishidan oldin o‘quv xonasiga kirganini, tom qulagach, o‘qituvchilarni chaqirib, bolalarni evakuatsiya qilishga kirishganini bildirgan.

Direktorning aytishicha, qulab tushgan xonada taxminan 30 nafar bola bo‘lgan. Maktabda jami 350 nafar o‘quvchi tahsil olgan. Biroq politsiya ma’lumotiga ko‘ra, tom qulab tushgan vaqtda bino ichida 110-115 nafar bola bo‘lgan. Hodisa ortidan Xaybar-Paxtunxva viloyati gubernatori Faysal Karim Kundi voqea yuzasidan mas’ul idoralardan hisobot talab qilgan. Shuningdek, u jarohatlangan bolalarga zarur tibbiy yordam ko‘rsatishni topshirgan.

Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharif halok bo‘lganlarning yaqinlariga hamdardlik bildirib, jarohatlanganlarning tezroq sog‘ayishini tiladi. U mas’ul idoralarga qutqaruv ishlarini jadallashtirish va jabrlanganlarga zarur tibbiy yordam ko‘rsatishni buyurgan.

Mamlakat Bosh vazirining o‘rinbosari Ishoq Dar, Milliy assambleya spikeri Sardor Ayoz Sodiq hamda Pokiston Xalq partiyasi raisi Biloval Bhutto Zardoriy ham fojiadan qayg‘uda ekanini bildirdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Pokistonning Peshovar shahrida xususiy maktab tomi qulashi oqibatida 17 nafar o‘quvchi va bir o‘qituvchi halok bo‘lgani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing