Pokistonda terrorchilar maktab avtobusini portlatib yubordi
Olam
−
21 may
4576Bugun, 21 may kuni Pokistonning Balujiston viloyatida terrorchilar maktab avtobusini portlatishi oqibatida kamida 4 nafar o‘quvchi halok bo‘ldi, yana 38 kishi jarohat oldi. Bu haqda manbalarga tayanib, “Dawn” nashri xabar berdi.
“Xuzdar tumanining hokim o‘rinbosari Yosir Iqbol qurbonlar borligini tasdiqladi”, deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, jarohatlanganlar yaqin atrofdagi shifoxonaga yetkazilgan, voqea joyida huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari ish olib bormoqda.
Pokiston Ichki ishlar vaziri Muhsin Nakviy halok bo‘lganlarning oilalariga hamdardlik bildirgan va hujumni qoralagan.
“Begunoh bolalarga hujum qilgan vahshiylar kechirimga loyiq emas. Dushman begunoh bolalarga hujum qilib o‘zining vahshiyligini namoyon etdi”, degan u.
Nakviyning so‘zlariga ko‘ra, bu mamlakatdagi barqarorlikni izdan chiqarishga qaratilgan va rejalashtirilgan harakat bo‘lgan. Hozircha hujum uchun hech qanday guruh javobgarlikni o‘z zimmasiga olgani yo‘q.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Pokiston xavfsizlik kuchlari Afg‘oniston bilan chegaradosh Shimoliy Vaziriston hududida o‘tkazilgan operatsiya davomida “Tehrik-e-Tolibon Pokiston” harakati a’zolari deb topilgan 54 nafar jangarini yo‘q qilgandi.
LiveBarchasi