Pokistonda suv toshqinidan vafot etganlar 650 nafarga yetdi (video)
Olam
−
18 avgust 3461 2 daqiqa
Pokistonda yoz boshidan beri musson yomg‘irlari oqibatida kamida 650 kishi halok bo‘ldi, 920 kishi esa jarohatlandi. Bu haqda mamlakat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi ma’lumotlariga tayanib, “Al Jazeera” xabar berdi.
Qayd etilishicha, 14 avgust kunidan boshlab butun Pokiston bo‘ylab kuchli yomg‘irlar yog‘moqda. Bu esa suv toshqinlari va ko‘chkilarga sabab bo‘lib, butun boshli qishloqlarni oqizib ketgan. Eng ko‘p qurbonlar Xayber-Paxtunxva viloyatida qayd etilgan – bu yerda 320 kishi halok bo‘lgan.
Ayniqsa, Buner tumanida ham 219 kishi halok bo‘lgan. Bu yerda 14 avgust kunidan beri yog‘ayotgan kuchli jala oqibatida 12 qishloq butunlay vayron bo‘lgan. O‘nlab jasadlar hali ham xarobalar ostida qolmoqda, ammo ularni faqat maxsus texnika yordamida chiqarish mumkin. Og‘ir ob-havo sharoiti tufayli texnika hodisa joyiga yetib bora olmayapti, chunki vaqtinchalik yo‘llar yangi yomg‘irlar sababli yuvilib ketgan.
Xayber-Paxtunxvada esa taxminan 200 kishi bedarak yo‘qolganlar ro‘yxatida turibdi.
Vafot etganlarni izlashga chiqqan ko‘ngilli fuqarolardan birining so‘zlariga ko‘ra, oziq-ovqat va toza ichimlik suvi tanqisligi xavfi mavjud.
“Hozir eng dolzarb ehtiyojimiz – toza ichimlik suvi. Men hukumatdan uni ta’minlashni so‘radim”, degan fuqaro.
Shuningdek, so‘nggi jala vaqtida chorva ham nobud bo‘lgan. Ayrim hududlarda hayvonlarning murdalari chirib, badbo‘y hid tarqatmoqda.
Pokiston iqlimi tez-tez o‘zgarib turadigan davlatlardan biri hisoblanadi. Mintaqada so‘ngi yillarda tobora ko‘proq ekstremal ob-havo hodisalari kuzatilmoqda. Masalan, 2022 yilda musson yomg‘irlari tufayli mamlakatning uchdan biri suv ostida qolgan edi va o‘shanda qariyb 1700 kishi halok bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Pokistonning shimoli-g‘arbiy hududlarida yuz bergan kuchli yog‘ingarchilik va suv toshqinlari oqibatida ko‘plab insonlarning halok bo‘lgani va jarohat olgani munosabati bilan Prezident Asif Ali Zardariy va Bosh vazir Shahboz Sharifga ta’ziya yo‘llagandi. Davlat rahbari marhumlarning oila a’zolari va yaqinlariga hamdardlik bildirib, jarohatlanganlar tez fursatda sog‘ayib ketishini tilagan.
Live
Barchasi