Pokistonda sobiq yetakchining qizi bosh vazir bo‘ldi

Olam

image

Pokistonning Panjob provinsiyasiga Pokiston Musulmonlar ligasidan Maryam Navoz Sharif bosh vaziri etib saylandi. Bu haqda bugun, 26 fevral kuni mamlakatning "Geo" telekanali xabar berdi.

Aytilishicha, 50 yoshli Maryam Navoz Sharif nomzodini viloyat qonun chiqaruvchi assambleyasining 327 nafar deputatidan 220 nafari qo‘llab-quvvatlagan. Qolganlar esa uning raqobatchisi, qamoqdagi sobiq bosh vazir Imron Xonning ittifoqdoshi, Sunniy Ittihod Kengashi partiyasi vakili Rana Aftab Ahmad Xon uchun ovoz bergan.

Maryam Navoz Sharif televideniye orqali qilgan chiqishida unga ovoz berganlarga ham, unga qarshi chiqqanlarga ham birdek xizmat qilishga qasam ichgan.

"Mening qalbim va idoramning eshiklari muxolifat uchun ochiq qoladi", deya qayd etgan u.

Shunday qilib, Maryam Panjob tarixidagi birinchi ayol bosh vazir bo‘ldi.

Ma’lumot uchun, Maryam Pokistonning 12-,14-, 20-bosh vaziri bo‘lgan Navoz Sharifning qizi. Shariflar Pokiston siyosatida o‘nlab yillar davomida hukmronlik qilib kelayotgan yirik oilalardan biri. Uch marta bosh vazir lavozimida ishlagan Navoz Sharif 2017 yilda hokimiyatdan chetlatilgan edi. 2018 yilda Sharifning o‘rnini egallagan Xon unga Londonga davolanish uchun borishga ruxsat bergan.

Otasi yo‘qligida Maryam Navoz siyosiy kampaniyalarni boshqargan va uning ishini o‘z zimmasiga olgan.

Biroq ko‘pchilik tanqidchilar Maryamning ko‘tarilishi qarindoshchilikning navbatdagi hodisasi ekanini aytmoqda. Avvalroq mamlakatning yana bir sobiq bosh vaziri Shahboz Sharifning o‘g‘li Hamza Shahboz ham Panjobda bosh vazir lavozimida ishlagan.


Maqola muallifi

Teglar

Pokiston Maryam Navoz Sharif Panjob bosh vazir

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing