Pokistonda muvaqqat Bosh vazir tayinlandi
Olam
−
12 avgust 2023
6784Pokistonda muvaqqat Bosh vazir lavozimiga “Balujiston Avami” partiyasidan chiqqan senator Anvar ul-Haq Kakar tayinlandi. Bu haqda bugun, 12 avgust kuni Bosh vazirlik idorasiga tayanib, “Geo News” xabar berdi.
Aytilishicha, mazkur qaror Bosh vazir Shahboz Sharif va Milliy Assambleyadagi (parlamentning quyi palatasi) muxolifat yetakchisi Raja Riaz o‘rtasidagi maslahatlashuvlarning ikkinchi bosqichidan so‘ng qabul qilingan va bu haqdagi xulosa mamlakat Prezidenti Orif Alviga yuborilgan.
"Biz muvaqqat Bosh vazir kichikroq viloyatdan bo‘lishiga qaror qildik" degan Riaz.
Bungacha Prezident Bosh vazir Shahboz Sharif va Raja Riazga maktub yozib, ular Milliy Assambleya tarqatib yuborilganidan keyin uch kun ichida muvaqqat Bosh vazir nomini taklif qilishlari kerakligini eslatgan.
Ma’lumot uchun, Pokistonning yangi muvaqqat Bosh vaziri etib tayinlangan senator Anvar ul-Haq Kakar Belujistonlik siyosiy arbob bo‘lib, u 2018 yilda Senatga saylangan. U yuqori palataga saylanishidan oldin viloyat hukumati matbuot kotibi sifatida ham ishlagan. Kakar Balujiston universiteti bitiruvchisi bo‘lib, siyosatshunoslik, sotsiologiya bo‘yicha magistr darajasiga ega.
Eslatib o‘tamiz, 9 avgust kuni Prezident Orif Alvi konstitutsiyaning 58-1-moddasiga muvofiq, Bosh vazir maslahati bilan Milliy assambleyani tarqatib yuborgandi. Bu bilan Shahboz Sharif hukumati vakolatlari ham tugatilgandi.
LiveBarchasi