Pokistonda ham maymunchechak virusi aniqlandi

Olam

image

Pokistonda ham maymunchechak bilan kasallanganlar aniqlandi. Bu haqda “The Times of India” xabar berdi.

Mamlakatning Xayber-Paxtunxva provinsiyasidagi mahalliy sog‘liqni saqlash boshqarmasi bemorlarda aniqlangan uchta holat haqida ma’lumot berar ekan, ularning xorijdan kirib kelganiga ishora qilgan. Ularda kasallikning qaysi turi mavjudligi hozircha aniq emas. Bemorlarning barchasi karantinga olingan.

Pokistonda maymunchechak kasalligi 34 yoshli erkak Birlashgan Arab Amirliklaridan kirib kelganida qayd etilgan. Joriy yilning 3 avgust kuni u Peshovarga yo‘l olgan va shu kuni betob bo‘lib, bemor zudlik bilan shifoxonaga yetkazilgan.

Xayber-Paxtunxva sog‘liqni saqlash xizmati bosh direktori Salim Xon bemorlarning ikki nafarida maymunchechak virusi (M-pox) borligini tasdiqlagan. Uchinchi bemorning namunalariga aniqlik kiritish uchun poytaxt Islomoboddagi Milliy sog‘liqni saqlash institutiga yuborilgan.

Virusning birinchi alomatlari 5-21 kun ichida namoyon bo‘ladi. Maymunchechak odatda yuqori isitma, bosh og‘rig‘i, bel va mushak og‘rig‘i, shishgan limfa tugunlari, charchoq, titroq va suvchechakka o‘xshash terida toshmalarni keltirib chiqaradi. Muayyan davolash usuli mavjud emas, ammo kasallik antiviral preparatlar bilan davolanadi. Aksariyat hollarda kasallik yengil kechib, bemorlar bir necha hafta ichida tuzalib ketadi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) Afrikada tez-tez uchraydigan va, ayniqsa, Kongo Respublikasida o‘z ta’sirini kuchaytirgan maymunchechak virusi (M-pox) tufayli global favqulodda holat e’lon qilgandi. Qariyb 70 yil oldin aniqlangan virus oxirgi 3-4 yil ichida odamlarga tezroq yuqa boshladi.

Afrikada 2023 yil sentyabridan beri maymunchechakning yangi epidemiyasi davom etmoqda. Qit’ada 13,7 ming holat qayd etilgan, 456 kishi vafot etgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shvetsiya hukumati mamlakatda maymunchechak kasalligi (M-pox) qayd etilganini ma’lum qilgandi. 2023 yil oxirida yangi epidemiya boshlanganidan beri bu virus Afrikadan tashqarida birinchi marta aynan ushbu mamlakatda aniqlangan. Rasmiylarning tushuntirishicha, bemor kasallikni Afrikaga safari paytida yuqtirgan.


Maqola muallifi

Teglar

Pokiston maymunchechak virusi M-pox

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing