Pokiston yadroviy dastur bo‘yicha hech kim bilan murosaga kelmaydi 

Olam

image

Pokiston mamlakat xavfsizligini ta’minlovchi milliy yadro dasturi bo‘yicha hech kim bilan murosaga kelmaydi. Bu haqda mamlakat Bosh vaziri Shahboz Sharif devoni tomonidan e’lon qilingan bayonotda keltirilgan.

“Pokiston mustaqil yadro quroli siyosatini olib boradi. Yadro dasturi milliy boylikdir, u ishonchli, tashqi bosimlarga tobe emas va mamlakat xavfsizligini himoya qilish maqsadini amalga oshiradi. Pokiston yadro dasturiga nisbatan har qanday bosimni rad etadi va hech qachon o‘z yadroviy quroli bo‘yicha murosaga kelmaydi”, deyiladi bayonotda.

Hujjatda aytilishicha, atom energiyasidan tinch maqsadlarda foydalanish va yadro xavfsizligi masalalarini muhokama qilish maqsadida fevral oyida Atom energiyasi bo‘yicha Xalqaro agentlik (MAGATE) Bosh direktori Rafayel Grossining Islomobodga tashrifi bir qator ommaviy axborot vositalaridagi izoh va bayonotlarda salbiy baholangan. Biroq Pokiston bu haqiqatdan yiroq ekanini aytgan.  

Parlamentning yuqori palatasida so‘zlagan G‘aznachilik vaziri Ishoq Dar esa Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ)ning Pokistonga yadroviy qurol masalasida yon bosish sharti bilan qo‘shimcha moliyaviy yordam ko‘rsatishi haqidagi da’volarni rad etganini bildirgan. 

“Pokiston qanday yadro quroliga va uning raketalari qanday masofaga ega bo‘lishi mumkinligini aytishga hech kimning haqqi yo‘q. Biz o‘zimizning yadroviy to‘xtatuvchi kuchlarimizga ega bo‘lishimiz kerak”, deydi vazir Dar. 

Ishoq Darning aytishicha, XVJ bilan bitim imzolangandan so‘ng darhol uning matni e’lon qilinadi va hech narsa jamoatchilikdan yashirilmaydi.

Ma’lumot uchun, Pokistonning XVJ bilan 1,1 milliard dollar miqdoridagi navbatdagi transh (kredit yoki qarzning bir qismi) berish bo‘yicha muzokaralari yanvar oyining oxiridan beri davom etmoqda. Ularda Pokistonning davlat moliya tizimi va iqtisodiyotni tarkibiy isloh qilishdan iborat fond talablariga muvofiqligining to‘qqizinchi tekshiruvi o‘tkaziladi.


Maqola muallifi

Teglar

Pokiston atom energiyasi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing