Pokiston Prezidenti oyog‘ini sindirib oldi
Olam
−
01 noyabr
7714Pokiston Prezidenti Osif Ali Zardoriy Dubay xalqaro aeroportida samolyotdan tushayotganda oyog‘ini sindirib oldi. Bu haqda kecha, 31 oktyabr kuni prezident kotibiyati matbuot xizmatiga tayanib, “Dawn” gazetasi ma’lum qildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, davlat rahbari yiqilganidan so‘ng darhol shifoxonaga yetkazilgan, tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgach, oyog‘iga gips qilingan.
Qayd etilishicha, Zardoriy ayni damda to‘liq ta’tilga chiqqan. Prezident to‘rt hafta davomida gipsda qolishiga to‘g‘ri keladi.
Ma’lumot uchun, 69 yoshli Prezident so‘nggi yillarda bir necha bor sog‘lig‘i bilan bog‘liq muammolarga duch kelmoqda. 2023 yil mart oyida u Birlashgan Arab Amirliklarida ko‘z operatsiyasini o‘tkazgan.
2022 yilda esa u ko‘krak infeksiyasi davosi uchun bir hafta davomida Karachi shahridagi doktor Ziauddin shifoxonasiga yotqizilgan. Sog‘lig‘i yomonlashgani haqidagi mish-mishlar fonida, uning shaxsiy shifokori Asim Hussain X ijtimoiy tarmog‘ida uning “sog‘lig‘i yaxshi” ekanini tasdiqlagan.
Bundan bir yil oldin esa Zardoriy doimiy sayohatlari tufayli "jismoniy zo‘riqish va charchoq" sababli Karachi shahridagi xususiy shifoxonada davolangan edi.
Eslatib o‘tamiz, musulmonlar yashovchi mamlakatda demokratik hukumat boshchiligiga tayinlangan birinchi ayol rahbar Benazir Bxuttoning turmush o‘rtog‘i Osif Ali Zardoriy joriy yilning mart oyi boshida Pokistonning yangi Prezidenti etib saylangandi va ikkinchi marta davlat rahbariga aylandi.
LiveBarchasi
Dollar kursi biroz pastladi.
04 dekabr