Pokiston Prezidenti mamlakat parlamentini tarqatib yubordi
Olam
−
03 aprel 2022
12838Pokiston Prezidenti Orif Alvi bugun, 3 aprel kuni Bosh vazir Imron Xonning taklifiga binoan Milliy assambleyani (parlament quyi palatasi) tarqatib yubordi. Bu haqda Pokistonning “Geo.tv” telekanali xabar berdi.
Ta’kidlanishicha, muxolifat parlamentda Imron Xonga ishonchsizlik votumini o‘tkazishga uringan. So‘ng Bosh vazir Prezidentga qonun chiqaruvchi organni tarqatib yuborishni taklif qilgan. Prezident taklifni qabul qilgan.
Palataning tarqatilishi haqidagi ma’lumotni Bosh vazirning maxsus yordamchisi Shahbaz Gill ham tasdiqlagan.
“Milliy assambleya tarqatildi”, deb yozgan u o‘zining Twitter’dagi sahifasida va endi Pokiston xalqi Bosh vazir taqdirini hal qilishini qo‘shimcha qilgan.
Bu muxolifat 2018 yilda hokimiyat tepasiga kelgan Xonni mamlakatdagi iqtisodiy vaziyatni yaxshilay olmayotganlikda, shuningdek, korrupsiyada ayblab, Bosh vazirga ishonchsizlik votumini e’lon qilishga urinish boshlanganidan keyin yuz bergan. Mamlakat parlamenti quyi palatasida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda vitse-spiker Qosim Suri bunday ovoz berishni o‘tkazish mamlakat konstitutsiyasiga zid bo‘lishini, shuning uchun uni o‘tkazish mumkin emasligini aytgan. Shundan so‘ng u parlament ishida tanaffus e’lon qilgan.
LiveBarchasi