Pokiston muvaqqat bosh vaziri ham Toshkentga keldi

Jamiyat

image

Pokiston muvaqqat hukumati rahbari Anvar ul-Haq Kakar joriy yilning 8-9 noyabr kunlari O‘zbekistonda o‘tkaziladigan Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining (IHT) o‘n oltinchi sammitida ishtirok etish uchun Toshkentga keldi. 

Toshkent xalqaro aeroportida Anvar ul-Haq Kakarni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov va boshqa rasmiylar kutib oldi.

Shundan so‘ng, yuqori martabali mehmon o‘zi uchun ajratilgan qarorgohga jo‘nab ketgan.

Ma’lumot uchun, 8-9 noyabr kunlari Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida IHTning o‘n oltinchi sammiti bo‘lib o‘tadi. Tadbirda Ozarbayjon, Eron, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Pokiston, Tojikiston, Turkmaniston va Turkiyaning davlat va hukumat rahbarlari ishtirok etadi.

Kun tartibiga muvofiq, IHT doirasida savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport-kommunikatsiyaviy va gumanitar hamkorlikni yanada kengaytirish hamda ushbu ko‘p tomonlama tuzilma faoliyatini takomillashtirish masalalari ko‘rib chiqiladi.
Sammit dasturi doirasida O‘zbekiston yetakchisi qator ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazadi. 
Iqtisodiy hamkorlik tashkilotiga 1985 yilda asos solingan, uning doimiy faoliyat yurituvchi kotibiyati Tehron shahrida joylashgan. O‘zbekiston Respublikasi 1992 yildan boshlab IHT a’zosidir. Ushbu tashkilotning oxirgi sammiti 2021 yilning noyabr oyida Turkmanistonda bo‘lib o‘tgan edi. 

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning sentyabr oyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 78-sessiyasida qatnashish uchun AQSHga borganida Pokiston muvaqqat bosh vaziri Anvar ul-Haq Kakar bilan ham muzokara o‘tkazgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Pokiston Abdulla Aripov IHT Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti Anvar ul-Haq Kakar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing