Pokiston ilk bor Armanistonni tan oldi (video)

Olam

image

Pokiston rasmiy ravishda ilk bor Armanistonni tan oldi va ikki davlat o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatildi. Bu haqdagi qo‘shma hujjat kecha, 31 avgust kuni Xitoyning Tyanszin shahrida Shanxay hamkorlik tashkiloti sammiti doirasida Armaniston Tashqi ishlar vaziri Ararat Mirzoyan va Pokiston Bosh vazirining o‘rinbosari hamda Tashqi ishlar vaziri Muhammad Ishoq Dar tomonidan imzolandi. 

Armaniston TIV ma’lumotiga ko‘ra, hujjatda tomonlar BMT nizomi tamoyillariga amal qilgan holda suverenitet va hududiy yaxlitlikka hurmat, tajovuzdan tiyilish, ichki ishlarga aralashmaslik, tenglik va tinch hamkorlik asosida munosabatlarni rivojlantirishga kelishgan.

Uchrashuvda Mirzoyan Janubiy Kavkazda tinchlik o‘rnatishga qaratilgan Armaniston sa’y-harakatlarini taqdim etib, Armaniston bilan Ozarbayjon o‘rtasida tinchlik o‘rnatilganini qayd etgan. Pokiston Tashqi ishlar vaziri Ishoq Dar bu munosabat bilan Mirzoyanni samimiy tabriklagan.

Shu kunga qadar Pokiston Armanistonni davlat sifatida tan olmagan va izchil ravishda Ozarbayjonni qo‘llab kelgan edi. Shu bois, imzolangan kelishuv ikki mamlakat tarixida muhim burilish bo‘ldi.

Ma’lumot uchun, Armaniston va Pokiston o‘rtasida uzoq yillar davomida diplomatik aloqalar umuman mavjud emas edi. 1991 yilda Armaniston Sovet Ittifoqidan mustaqil bo‘lgach, ko‘plab mamlakatlar uni tan oldi, ammo Pokiston bu qarorni qabul qilmadi. Buning asosiy sababi esa Qorabog‘ mojarosi edi. Pokiston o‘sha paytdan boshlab Ozarbayjonning yaqin ittifoqchisi sifatida har doim uning hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlab kelgan. Ayniqsa, Qorabog‘ ustidagi urush va keyinchalik yuzaga kelgan mojarolarda Pokiston Armanistonni “bosqinchi” sifatida ko‘rdi va shu sababli diplomatik aloqalarni o‘rnatmadi.

Pokiston nafaqat Armanistonni tan olmadi, balki turli xalqaro maydonlarda, jumladan BMT rezolyutsiyalarida ham Ozarbayjonni qo‘llab keldi. Shuningdek, u Turkiya va Ozarbayjon bilan uch tomonlama yaqin hamkorlikni davom ettirib, Armanistonga qarshi siyosiy pozitsiyada turdi. Shu bois Armaniston ham Pokiston bilan rasmiy aloqa o‘rnatmadi va ikki davlat o‘rtasidagi masofa o‘nlab yillar davomida saqlanib qoldi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 8 avgust kuni Vashingtonda AQSH, Armaniston va Ozarbayjon rahbarlari Donald Tramp, Nikol Pashinyan va Ilhom Aliyevning uchrashuvi bo‘lib o‘tgan va unda tinchlik bitimi kelishilgandi. Keyinchalik, Aliyev “Al Arabiya” nashriga bergan intervyusida Armaniston konstitutsiyasiga o‘zgartirishlar kiritilgandan so‘ng, tinchlik shartnomasi imzolanishini bildirgandi, ammo Armaniston Tashqi ishlar vaziri Ararat Mirzoyan Armaniston Ozarbayjon bilan kelishuvlar doirasida Konstitutsiyani o‘zgartirish majburiyatini olmaganini eslatdi.


Maqola muallifi

Teglar

Ozarbayjon Pokiston Armaniston Muhammad Ishoq Dar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing