Toshkentda “Qo‘riqlash” boshqarmasi xodimidan pul undirmoqchi bo‘lgan firibgar ushlandi
3-sahifa
−
06 aprel
5252Toshkentda “Qo‘riqlash” bosh boshqarmasining xorijiy davlatlarning diplomatik vakolatxonalarini qo‘riqlash bo‘yicha alohida bataloni xodimiga qo‘ng‘iroq qilib, undan pul undirmoqchi bo‘lgan firibgar ushlandi. Bu haqda Milliy gvardiya matbuot xizmati xabar berdi.
Voqea joriy yilning 4 aprel kuni soat 16:15 da sodir bo‘lgan. Noma’lum shaxs “Qo‘riqlash” bosh boshqarmasining xorijiy davlatlarning diplomatik vakolatxonalarini qo‘riqlash bo‘yicha alohida batalonining telefon raqamiga qo‘ng‘iroq qilib, navbatchi xodim bilan bog‘langan. Notanish ayol o‘zini shifokor deb tanishtirgan.
“Qizingiz yo‘l-transport hodisasida jarohat oldi, uni davolash uchun jarrohlik amaliyotini o‘tkazish lozim, siz zudlik bilan 20 ming AQSH dollarini topishingiz kerak”, degan ayol.
Qo‘ng‘iroqqa javob bergan “Qo‘riqlash” xizmati xodimi firibgarlar qo‘ng‘iroq qilayotganini darhol anglab, firibgarni qo‘lga olish maqsadida "qizini qutqarish uchun" uchrashishga va pul berishga tayyorligini aytgan. Ayol Pokiston elchixonasi yaqinida uchrashuv tayinlagan, lekin u pulni olib ketish uchun o‘zi bormasligini, o‘rniga “Ruslan” ismli tanishini yuborishini bildirgan.
20 daqiqadan so‘ng, “Ruslan” xavfsizlik postining rasmiy telefon raqamiga qo‘ng‘iroq qilib, jarohatlangan qizning otasini kutayotganini aytgan. Firibgar uchrashuv belgilangan joyda xodimlar tomonidan qo‘lga olingan va Yakkasaroy tumani Ichki ishlar bo‘limiga olib borilgan. Fuqaroning shaxsi tekshirilganda, u aslida Chilonzor tumanida yashovchi Samandar ismli 23 yoshli fuqaro ekani aniqlangan.
Ayni paytda Toshkent shahar IIBB tomonidan tergovga qadar surishtiruv ishlari olib borilmoqda. Bildirilishicha, surishtiruv davomida uning sherigi aniqlanadi, shuningdek, boshqa shu kabi jinoyatlarga aloqadorligi tekshiriladi.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq IIBB axborot xizmati rahbari Nilufar Isoxonova Toshkent shahri aholisi orasida shu turdagi firibgarlikdan jabrlanayotganlar ko‘paygani aniqlanganini bildirgan va fuqarolarni bundan ogohlantirgandi.