Pokiston Hindiston bilan kelishuvdan so‘ng havo hududini ochdi
Olam
−
10 may 11644 3 daqiqa
Pokiston aeroportlari ma’muriyati mamlakat havo hududi barcha turdagi parvozlar uchun qayta ochilganini ma’lum qildi. Bu haqda ma’muriyat o‘zining Facebook sahifasida xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, mamlakat hududidagi barcha aeroportlar o‘z ishini tiklagan.
“Pokiston havo hududi barcha turdagi parvozlar uchun to‘liq tiklandi. Mamlakatdagi barcha aeroportlar o‘z ishini tikladi va odatdagi rejimda parvozlar uchun mavjud”, deyiladi xabarda.
Shu vaqtgacha Pokiston mamlakati Hindiston bilan munosabatlarning keskinlashuvi fonida bir necha bor havo hududini yopib kelgandi.
Eslatib o‘tamiz, bugun, 10 may kuni AQSH bilan muzokaralardan so‘ng, AQSH Prezidenti Donald Tramp Pokiston va Hindiston zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatishga rozi bo‘lgani haqida ma’lum qilgandi. Islomobod va Nyu-Dehli buni tasdiqladi. Hindiston Tashqi ishlar vazirligining aniqlik kiritishicha, o‘t ochishni to‘xtatish mahalliy vaqt bilan soat 17:00 da boshlangan.
Hindiston va Pokiston o‘rtasidagi vaziyatning keskinlashuvi
22 aprel kuni Hindistonning Kashmir hududida qurollangan shaxslar sayyohlar guruhiga o‘q uzdi. Oqibatda 20 dan ortiq odam halok bo‘ldi. Voqea sodir bo‘lgan Pahalgam shahri mashhur sayyohlik maskani hisoblanadi. U Hindiston va Pokiston da’vo qilayotgan bahsli hududda joylashgan.
Hindiston hukumati Kashmirdagi teraktdan keyin o‘tkazilgan favqulodda yig‘ilishda Pokistonga nisbatan keng ko‘lamli diplomatik va viza blokadasi joriy etishga qaror qildi. Yig‘ilish yakunida Hindiston 1960 yilda tuzilgan Hind daryosi bo‘yicha suv bitimini to‘xtatishga qaror qildi. Bundan tashqari, Pokiston bilan yagona rasmiy quruqlikdagi chegara punkti – Attari yopildi. Pokiston fuqarolariga vizasiz kirish dasturi to‘xtatildi va ikki davlatdagi diplomatik xodimlar soni qisqartirildi.
Shundan so‘ng Pokiston hukumati Hindistonning suv oqimini to‘xtatish yoki burib yuborishga urinishi harakatini “urush harakati” sifatida baholashini bildirdi. Keyinchalik Pokiston Mudofaa vazirligi ijtimoiy tarmoqlarda Hindistonga qarshi urushga tayyorligini bildirib, bir qator bayonotlar va videolar e’lon qildi.
30 aprel kuni Pokiston Axborot vaziri ijtimoiy tarmoqdagi bayonotida Hindiston ularni 24-36 soat ichida hujum qilishni rejalashtirayotgani haqida ishonchli razvedka ma’lumotlari borligini aytdi. Hindiston bu bayonotga izoh bermadi. Shu bilan birga, OAV Pokiston Hindiston bilan chegarada 6 bor o‘t ochishni to‘xtatish rejimini buzganini xabar qildi.
7 mayga o‘tar kechasi tunda Hindiston Pokistonga raketa zarbasi yo‘lladi. Islomobod buni urush harakati deb atab, javob zarbalari berdi. Mojaroning keskinlashuviga BMT, AQSH, Xitoy, Qirg‘iziston va Isroil munosabat bildirdi. O‘zbekiston ham Hindiston va Pokistonni vazminlikka chaqirdi.
8 may kuni ikki mamlakat harbiy-havo kuchlari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan havo jangida jami 125 ta harbiy samolyot bir soatdan ortiq vaqt davomida jang qildi va bu aviatsiya tarixidagi eng yirik va eng uzoq davom etgan havo janglaridan biri bo‘ldi.
Bugun, 10 may kuni Pokiston Hindistonga qarshi “Banyan-ul-Marsus”, ya’ni “Mustahkam devor” deb nomlangan keng ko‘lamli harbiy operatsiya boshlanganini e’lon qildi. Bu operatsiya Hindiston tomonidan davom etayotgan “provokatsiyalar”ga javob sifatida ko‘rildi. Pokiston armiyasi Hindistonning bir nechta harbiy ob’ektlariga zarba bergan. Ular orasida Udxampur va Patxankot aviabazalari ham bor. Bundan tashqari, “BraMoc” rusumidagi kemaga qarshi tovush tezligiga ega raketalar ombori yo‘q qilingan.