Buxoroda soliq boshqarmasi yuristi YPX xodimlarini jarohatladi (video)

3-sahifa

image

Ijtimoiy tarmoqlarda Buxoro viloyati Olot tumanida yo‘l-patrul xizmati xodimlari hamda fuqaro o‘rtasida janjal yuz bergani aks etgan video tarqaldi. Holat yuzasidan viloyat Ichki ishlar boshqarmasi ma’lumot berdi.

Joriy yilning 22 aprel kuni fuqaro N.O‘. viloyat IIBning markazlashgan tizimiga murojaat qilib, Ichki ishlar xodimlari bilan o‘rtalarida kelishmovchilik yuzaga kelganini bildirgan.

Mazkur xabar Olot tumani IIBda tegishli tartibda ro‘yxatga olinib, mas’ul sohaviy xizmatlar xodimlari tomonidan o‘rganilgan.

Aniqlanishicha, 22 aprel kuni soat 16:00 larda YPX inspektorlari katta serjant J.S. hamda safdor K.B.lar o‘zlarining xizmat hududida nazorat olib borayotganda, Nexia mashinasini boshqarib kelayotgan fuqaro F.J. ko‘chani kesib o‘tuvchi yo‘lni ajratib turuvchi beton to‘siq (bardyur)qa borib urilgan.  Yuqorida qayd etilgan YPX xodimlari beton to‘siqqa shikast yetkazilgani holatiga guvoh bo‘lishgan va ushbu holatni rasmiylashtirish maqsadida hodisa joyiga zudlik bilan yetib kelishgan.

Shu vaqtda ushbu holatga umuman aloqasi va daxldorligi bo‘lmagan 1993 yilda tug‘ilgan Davlat Soliq boshqarmasi Qorako‘l tumani bo‘limi ma’muriy amaliyot yuristi N.O‘. hodisa joyiga kelgan. Mazkur shaxs holatni rasmiylashtirayotgan IIB xodimlarining xizmat faoliyatiga hech bir sababsiz faol qarshilik ko‘rsatib, xodimlarni turli nojo‘ya so‘zlar bilan haqorat qilib, turli darajadagi tan jarohatlarini yetkazgan.

Mazkur hodisa oqibatida katta serjant S.J.ning “o‘ng qo‘l 4-5 barmoqlarida hamda o‘ng qo‘l tirsak sohasida shilinma”, safdor B.K.ning esa “bo‘yin sohasida shilinma” kabi sog‘liqning buzilishiga sababchi bo‘lmagan yengil shikast toifasiga kiruvchi tan jarohatlari yetkazilgani aniqlangan.

Hozirda ushbu holat yuzasidan Olot tumani prokuraturasi tomonidan Jinoyat Kodeksining 219-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, ayblanuvchi N.O‘.ga nisbatan "uy qamog‘i" ehtiyot chorasi qo‘llanilgan holda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda. 

“Tergov yakuni bo‘yicha ayblanuvchining harakatlariga huquqiy baho beriladi”, deyiladi xabarda.


Maqola muallifi

Teglar

Buxoro Olot yo'l-patrul' xizmati yurist

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing